
Mahalliy davlat organlarining 92 ta funksiyasi ortiqcha — Adliya vaziri
16.08.2025 | 11:308252
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 12 avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat organlari vazifalarini optimallashtirish masalasi muhokama qilindi. Adliya vaziri Akbar Toshqulov ma’lum qilishicha, mahalliy davlat organlarining 500 ga yaqin funksiyalari tahlil qilingan va ulardan 92 tasi keraksiz deb topilgan.

Vazirning ta’kidlashicha, mazkur takliflar hukumatga kiritilgan. Xususan, Qishloq xo‘jaligi vazirligida 17 ta funksiya takrorlanuvchi yoki xususiy sektorga o‘tishi lozim bo‘lgan vazifalar sifatida belgilangan. Shuningdek, moliyaviy resursga ega bo‘lmagan funksiyalar ham qisqartirilishi mumkin.
Sport sohasidagi vazifalar ham qayta ko‘rib chiqilayotgani qayd etildi. Bu jarayon davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish va ortiqcha byurokratik to‘siqlarni yo‘qotishga qaratilgan.
Yig‘ilishda deputat Zuhriddin Mavlonov belgillashicha, 2030 yilga qadar mamlakatda 300 ga yaqin davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish rejalashtirilgan. Ammo hozirgacha bor-yo‘g‘i 11 ta funksiya yuzasidan yakuniy xulosa qilingani, ishlar sekin ketayotgani ta’kidlandi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov esa ayni paytda 27 ta yo‘nalish bo‘yicha davlat funksiyalarini xususiy sektorga berish jarayoni boshlanganini ma’lum qildi. Mutasaddilar fikricha, bu islohotlar davlatning iqtisodiy faoliyatdagi ulushini qisqartirib, biznes uchun ko‘proq imkoniyat yaratadi.





