
Mahalliy hokimliklar tomonidan 386 ta hujjat asossiz yashirilgani ma’lum bo‘ldi
Ko‘plab qarorlar ochiqlik talablariga zid ravishda xizmat doirasida deb belgilangani aniqlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan joriy yil davomida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari qabul qilgan qaror va farmoyishlarning ochiqligi o‘rganildi. Tahlillar «yashirin» yoki «xizmat doirasida foydalanish uchun» (XDFU) griflari qo‘yilgan hujjatlar qonuniy asoslarga qanchalik mos kelishiga qaratildi.
Tekshiruvlar davlat rahbarining 2025 yil 30-dekabrda qabul qilingan PF-270-sonli farmoni talablari ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirildi. Ushbu hujjatda Agentlikka «E-qaror» tizimi orqali qabul qilinayotgan qarorlarni e’lon qilishda ochiqlik qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish vazifasi yuklatilgan.
Natijada viloyat, tuman va shahar hokimliklari tomonidan jami 1 907 ta qaror va farmoyish mazkur griflar bilan rasmiylashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki o‘rganishlar jarayonida ularning 386 tasi asossiz ravishda yashirilgani aniqlandi.
Qanday qarorlar yashirilgan?
Yashirilgan hujjatlarning katta qismi lavozimga tayinlash bilan bog‘liq bo‘lib, bunday qarorlar soni 156 tani tashkil etdi. Shuningdek, 68 ta hujjat tashkiliy tuzilmani tasdiqlash, 46 tasi mablag‘ ajratish, 34 tasi rag‘batlantirish, qolgan 82 tasi esa boshqa masalalarga taalluqli ekani qayd etildi.
Xududlar kesimidagi holat
Hududlar kesimida eng ko‘p ochiqlanmagan qarorlar Farg‘ona (67 ta, 44 foiz), Xorazm (32 ta, 39 foiz), Buxoro (58 ta, 37 foiz), Qashqadaryo (41 ta, 26 foiz) va Samarqand (38 ta, 15 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Agentlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga 68 ta qarorni ochiqlash hamda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlarga nisbatan chora ko‘rish yuzasidan taqdimnomalar kiritildi. Qolgan hujjatlar bo‘yicha o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.





