
Mahbuslarga ayrim kunlari ikki soatlik sayrga ruxsat berilishi mumkin
Ombudsman tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarning shart-sharoitlarini insonparvarlik mezonlariga mos ravishda yengillashtirishni taklif etmoqda.

Tergov hibsxonalarida ushlab turilgan shaxslarga dam olish va bayram kunlarida kamida ikki soat sayr qilishga ruxsat berilishi mumkin. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 18-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda ko‘rib chiqilgan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning «Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunchilik taklifida aytib o‘tildi.
Ombudsman Feruza Eshmatova tomonidan kiritilgan mazkur tashabbus qiyin sharoitda saqlanayotgan shaxslar kundalik ehtiyojlarini yaxshilash, insonparvarlik standartlarini mustahkamlash hamda xalqaro amaliyotga mos mexanizmlarni joriy etishni ko‘zda tutadi.
Taqdimotda Ombudsman apparati va jamoatchilik guruhlari tomonidan o‘tkazilgan monitoringlar davomida ko‘tarilgan eng dolzarb muammolar bayon qilindi. Xususan, dam olish va bayram kunlarida shaffoflik, toza havoda sayr qilish imkoniyati hamda asosiy kiyim-kechak va zarur buyumlarni olishdagi cheklovlar ko‘plab murojaatlarga sabab bo‘lgani qayd etildi.
Loyihaga ko‘ra, hibsda saqlanayotgan shaxslarga dam olish va bayram kunlarida kamida ikki soat sayr qilish huquqini berish taklif etilmoqda.
Shuningdek, oyiga minimal ish haqining bir baravari miqdorida — 1 million 271 ming so‘mgacha — oziq-ovqat va eng zarur buyumlarni xarid qilish imkoniyati yaratilishi nazarda tutilgan. Yaqin qarindoshlari va boshqa shaxslardan kiyishga ruxsat etilgan kiyim-bosh va poyabzal olish huquqlarini berishga oid normalarni kiritish ham taklif etilyapti.
Qonun loyihasini tayyorlash jarayonida AQSH, Shvetsiya, Norvegiya, Finlyandiya, Germaniya, Kanada hamda qator MDH davlatlarining amaliyoti o‘rganilgani, milliy qonunchilikni qabul qilingan xalqaro mezonlar talablariga uyg‘unlashtirilishi zarurligi aytib o‘tildi.
Deputatlar muhokamasidan so‘ng qonunchilik taklifi ma’qullandi va keyingi bosqichga o‘tkazildi.





