
«Mahsulot bor, bozor bor, yo‘l yo‘q» — eksportchilar Yevropa uchun temir yo‘l talab qilmoqda
18.07.2025 | 20:4048453
O‘zbekistonlik meva-sabzavot eksportchilari Yevropa bozorlariga chiqish uchun temiryo‘l qatnovini tashkil etishni so‘ramoqda. Avtomobil orqali yetkazib berish qimmatligi tufayli mahalliy mahsulotlar Turkiya mahsulotlari bilan raqobatlasha olmayapti.

18 iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan meva-sabzavot mahsulotlari eksportchilari bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda logistika muammosi asosiy mavzulardan biri bo‘ldi.
O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish uyushmasi raisi Sardor Abbosxonovning ta’kidlashicha, hozirgi paytda asosiy eksport bozorlari Rossiya va Xitoy bo‘lib qolmoqda. Ammo eng istiqbolli yo‘nalish Yevropa bo‘lib, u yerda mahsulotga talab katta va narxlar yuqori.
Abbosxonovga ko‘ra, logistika asosiy to‘siq bo‘lib turibdi. «Bizda ikkita ta’minot yo‘li mavjud — shimoliy va janubiy, ularning har birida o‘ziga xos qiyinchiliklar bor: Rossiya va Eron sanksiyalar ostida, Turkmaniston orqali tashish esa muammolarga duch kelmoqda. Hozirgi kunda bitta yuk mashinasini Germaniya yoki Niderlandiyaga yetkazib berish 7000 dollarga, sovutgichli kamera bilan esa 9000 dollargacha tushmoqda. Natijada bir tonna mahsulotning tannarxi 300-500 dollarga oshib ketmoqda. Solishtiradigan bo‘lsak, Turkiyadagi eng yaqin raqobatchilarimizda bu xarajatlar 100 dollardan oshmaydi», - deya ta’kidladi uyushmasi raisi.
Muammoning yechimi sifatida u Yevropa yo‘nalishiga temiryo‘l qatnovlarini tashkil etishni taklif qildi. Xitoyga yuklarni ikki haftada yetkazuvchi Toshkent–Sian blok-poyezdi misol tariqasida keltirildi.
Abbosxonovning so‘zlariga ko‘ra, agar Toshkentdan Polsha yoki Litvagacha temiryo‘l qatnovi tashkil etilsa, u yerda yuklar avtomobillarga yuklanib, Yevropa bozorlariga tarqatilishi mumkin. Bu logistika xarajatlarini $4−5 minggacha tushiradi.





