
Maishiy havo tozalagichlar uchun boj bekor qilindi
Prezident farmoniga muvofiq, maishiy havo tozalash uskunalarini mamlakatga olib kirishda bojxona boji bekor qilindi va RM2.5 ifloslanishini o‘rganuvchi maxsus laboratoriya tashkil etiladi.

Prezidentning «Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan maishiy havo tozalash uskunalarini O‘zbekistonga olib kirishda bojxona boji bekor qilindi.
Farmonga ko‘ra, atmosfera havosining RM2.5 zarrachalari bilan ifloslanish manbalarini aniqlash va muammoni chuqur o‘rganish maqsadida Ekologiya qo‘mitasi huzurida maxsus laboratoriya tashkil etiladi. Laboratoriyaning vazifasi havo sifatini texnik jihatdan aniq baholash, katta hajmdagi namunalarni tahlil qilish va ekologik siyosat uchun ilmiy asos tayyorlashdan iborat bo‘ladi.
Ushbu laboratoriya uchun zarur uskunalar ham qator imtiyozlarga ega bo‘ldi. Xususan, avtomatlashgan kichik stansiyalar, tashlamalarni monitoring qilish uskunalari, avtomatik kuzatuv postlari, chang-gaz tozalash texnologiyalari va lokal suv tozalash inshootlari ham bojxona bojidan ozod qilinadi.
Shu bilan birga, tadbirkorlar va fuqarolar tomonidan olib kiriladigan maishiy havo tozalagichlar ham boj to‘lovisiz kiritiladi.
Farmonga muvofiq, maxsus laboratoriyani jihozlash jarayoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid usuli orqali amalga oshiriladi. Jumladan, termo-optik analizator, atmosfera havosi namunalarini yig‘ish uchun 5000 dona kvars filtrlar va boshqa aniq o‘lchov uskunalari eng maqbul taklif asosida xarid qilinadi.





