
Makron: Putin tinchlikni istamasdan, vaqtdan yutishga harakat qilmoqda
17.05.2025 | 09:575033
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiya rahbari Vladimir Putinni Ukrainadagi urushni to‘xtatishdan bosh tortganlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva tinchlik emas, vaqtdan yutishni maqsad qilmoqda.

Emmanuel Makron o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida Putin Amerika tomonidan taklif etilgan, Ukraina va Yevropa davlatlari qo‘llab-quvvatlagan shartsiz o‘t ochishni qabul qilmaganini ta’kidladi. Fransiya rahbariga ko‘ra, bunday rad javobi Rossiyaning tinchlikka emas, urushni cho‘zishga intilayotganini ko‘rsatadi.
U ushbu fikrlarni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, Germaniya kansleri Fridrix Mers, Polsha va Britaniya bosh vazirlari Donald Tusk va Kir Starmer hamda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqotdan so‘ng bildirdi.
Makron Putinning muloqotdan yuz o‘girganini qoralab, uning harakatlari urushni tugatish emas, balki strategik vaqt yutishga qaratilganini ta’kidladi.
Fransiya prezidenti shuningdek, Yevropa yetakchilari va AQSH bilan hamkorlikda harakat qilinishini ma’lum qildi. Ularning maqsadi — tinchlik yo‘lida mutanosib va birdam yechimlarni ishlab chiqishdir.
«Ko‘ngillilar koalitsiyasi»ning faoliyati davom etadi va Fransiya, AQSH hamda boshqa Yevropa ittifoqchilari tinchlikka olib boradigan yo‘lni belgilashda hamjihatlikda faol bo‘ladi, deya qayd etdi Makron.





