
Makron: Shimoliy Koreya harakati NATOni Osiyodagi faoliyatga jalb qilishi mumkin
31.05.2025 | 21:3027544
Fransiya prezidenti Xitoyni KXDRni to‘xtatishga chaqirdi, aks holda NATO aralashuvi kutilmoqda.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 30 may kuni Singapurda o‘tkazilgan «Shangri-La dialogi» xavfsizlik anjumanida so‘zga chiqib, Shimoliy Koreyaning Rossiyaga Ukraina urushida ko‘rsatayotgan yordami butun jahon xavfsizligi uchun tahdid solayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Pxenyanga bosim o‘tkazib, uni Rossiya bilan hamkorlikdan voz kechishga majbur qilishi lozim. Aks holda, NATO Janubi-Sharqiy Osiyodagi faoliyatini kengaytirish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin.
Makron avvalroq NATOning Osiyodagi rolini cheklash tarafdori bo‘lganini eslatdi. Biroq KXDRning Yevropa hududidagi harakatlarida ishtirok etishi vaziyatni tubdan o‘zgartirmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga 15 mingga yaqin harbiy yuborgan va ular orqali Ukraina nazoratida bo‘lgan ayrim hududlarni qaytarib olishga yordam berilgan. Bundan tashqari, Pxenyan Rossiya armiyasini artilleriya o‘q-dorilari bilan doimiy ta’minlab kelmoqda. G‘arb manbalariga ko‘ra, 2024 yilda KXDR Rossiyaga taxminan 6 million dona snaryad yetkazib bergan.
Ukraina razvedkasi ma’lumotiga qaraganda, Shimoliy Koreya hozirgacha Rossiyaga yuzlab artilleriya qurilmalari, reaktiv tizimlar va ballistik raketalar jo‘natgan. Bu xizmatlar evaziga Rossiya KXDRga yoqilg‘i, raketa texnologiyalari, havo hujumidan mudofaa tizimlari va G‘arb qurollarining ayrim namunalarini, jumladan Avstriyaning Steyr Mannlicher SS 08 snayper miltig‘ini yetkazib bermoqda. Shuningdek, Kim Chen Inga o‘ziga xos sovg‘alar — oppoq otlar, ekzotik hayvonlar va Aurus avtomashinalari taqdim etilmoqda.
Aprel oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu yordam uchun Shimoliy Koreyaga ommaviy minnatdorlik bildirgan va «koreyalik askarlarning jasorati abadiy xotirada qolishini» aytgan.





