Makron so‘z erkinligini «bema’nilik» deb atadi
Fransiya Prezidenti fikrni erkin ifoda etishning haqiqiyligiga shubha bildirdi.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning ta’kidlashicha, agar insonlar o‘z qarashlari aslida kimlar yoki qaysi kuchlar tomonidan boshqarilayotganini anglamasalar, so‘z erkinligi o‘z mazmunini yo‘qotadi. Ayniqsa, jamiyatda bir nafratli bayonotdan ikkinchisiga o‘tish holatlari kuzatilayotgan bir paytda, bu erkinlikni «shunchaki bema’nilik» deb atash mumkin.
«Agar inson bu «erkinlik» niqobi ostida aslida kimdir tomonidan yo‘naltirilayotganini bilmasa, ayniqsa, gap bir nafratli chiqishdan boshqasiga zanjirdek ulanib ketish haqida ketganda, ifoda erkinligi — quruq gapdan boshqa narsa emas», — dedi Makron.
Hindistonga tashrifi davomida mahalliy hamjamiyat vakillari bilan muloqot qilgan Fransiya yetakchisi, fikrlarning shakllanishi va tarqalishida shaffoflik bo‘lishi zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, agar odamlar o‘z dunyoqarashlari qanday manipulyatsiya qilinayotganini tushunmasalar, so‘z erkinligi ideali jamiyatni parchalashga xizmat qiluvchi vositaga aylanib qoladi.
Makron turli siyosiy va ijtimoiy pozitsiyalar o‘rtasidagi farqlar ochiq va tushunarli bo‘lishi kerakligini aytib, jamoat tartibini saqlash zarurligini urg‘uladi. U ochiq munozaralar muhimligini tan olgan holda, erkinlik niqobi ostida irqchilik, nafrat va kamsituvchi ritorika tarqalishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini alohida qayd etdi.





