
Maktab direktori bolalarga zo‘ravonlik qilgan o‘qituvchini ishdan bo‘shatishi mumkin
Endi bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ygan pedagoglar bilan mehnat shartnomasi direktor tashabbusi bilan bekor qilinishi mumkin.

O‘zbekistonda ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka nisbatan keskin choralar joriy etildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri tomonidan imzolangan yangi buyruq asosida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan pedagog va boshqa xodimlar ishdan bo‘shatilishi mumkin. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga tayanib, «Xalq ta’lim info» xabar qildi.
Qayd etilishicha, mazkur buyruq «Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan. Hujjat bilan ta’lim tashkilotlarining namunaviy odob-axloq qoidalari, ichki mehnat tartibi hamda xodimlarning lavozim yo‘riqnomalari yangi tahrirda tasdiqlandi.
2026 yil 19-yanvarda imzolangan buyruqqa muvofiq, maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, ixtisoslashtirilgan va kasbiy ta’lim muassasalari xodimlarining bolalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik majburiyati mehnat shartnomalari va lavozim yo‘riqnomalariga kiritildi. Shuningdek, zo‘ravonlikka uchragan bolalar haqida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va ichki ishlar organlariga xabar berish talablari belgilab qo‘yildi.
Buyruqda pedagoglar yoki boshqa xodimlar tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi mehnat majburiyatlarining bir marta qo‘pol ravishda buzilishi sifatida baholanishi qayd etilgan. Bu esa ish beruvchi, ya’ni maktab direktori tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga asos bo‘ladi.
Muhimi, mazkur tartib faqat o‘quvchilarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga emas, balki pedagog xodimning o‘z hamkasblariga nisbatan zo‘ravonlik qilgani isbotlangan holatlarga ham tatbiq etiladi. Bunday vaziyatlarda ham direktor xodimni ishdan bo‘shatish huquqiga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, buyruqqa asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari rahbarlari ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish uchun mas’ul shaxslarni tayinlashini ta’minlashi shart.





