
Maktablarda qog‘oz kundaliklar va jurnallar joriy etilyotgani haqidagi xabarlar rad etldi
Vazirlik raqamli ta’lim tizimi saqlanishini tasdiqlab, maktablarda qog‘oz hujjatlarga qaytish haqidagi xabarlarni asossiz deb atadi.

O‘zbekistonda umumta’lim maktablarida an’anaviy qog‘oz kundaliklar va sinf jurnallari qayta joriy etilayotgani haqida tarqalgan xabarlar rasman rad etildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bu mazmunda hech qanday topshiriq yoki qaror qabul qilinmaganini ma’lum qildi. Vazirlikka ko‘ra, ta’lim tizimida raqamlashtirish jarayonlari izchil davom etmoqda va ortga qaytish rejalashtirilmagan.
Rasmiy izohda ta’kidlanishicha, mamlakat maktablarida o‘quvchilarning davomati va fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari to‘liq elektron shaklda yuritilmoqda. Bu amaliyot davlat rahbarining 2018 yil 5-sentabrdagi qarori hamda 2019 yil 29-apreldagi farmoni asosida joriy etilgan. Hozirda barcha umumta’lim maktablarida ushbu ma’lumotlar «eMaktab» elektron jurnal tizimi orqali qayd etiladi.
Vazirlik ma’lumotida qayd etilishicha, elektron jurnal va kundaliklardan foydalanishning asosiy maqsadi o‘qituvchilar yukini kamaytirish, o‘quv jarayonini tashkil etishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishdan iborat. Shuningdek, mazkur yondashuv xalqaro tajribada ham samarali yechim sifatida o‘zini oqlagan.
Ota-onalar uchun maktab platformasi
Ayni paytda ota-onalar uchun e-maktab.uz platformasidan foydalanishning bir kalendar yillik obuna narxi 5 ming so‘mni tashkil etadi.
Elektron tizimning joriy etilishi natijasida ota-onalar farzandlarining ta’lim jarayonini masofadan kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, o‘quvchilarni baholashda shaffoflik ta’minlanib, pedagoglar faoliyatidagi turli qog‘ozbozliklar sezilarli darajada qisqartirilgani qayd etildi.





