
Malayziyada Telegram vaqtincha taqiqlandi: sababi nima?
19.06.2025 | 18:2042744
Malayziyada sud qaror bilan Telegram messenjeri faoliyati vaqtincha cheklandi. Mamlakat rasmiylari platformani davlatga nisbatan ishonchni izdan chiqarishda va jamoatchilik tartibiga tahdid solishda ayblamoqda.

Malayziyaning Oliy sudi mamlakatda Telegram messenjeri faoliyatini vaqtincha taqiqlashga qaror qildi. Bu qaror Kommunikatsiyalar va multimedia komissiyasining (MCMC) da’vo arizasi asosida qabul qilindi. Komissiyaning fikricha, Telegram platformasidagi «Edisi Siasat» va «Edisi Khas» kabi kanallar davlat muassasalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga doir tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmoqda.
Ma’lum qilinishicha, «Edisi Siasat» kanali 1,2 mln nafarga yaqin foydalanuvchiga ega, «Edisi Khas» esa 1,5 ming atrofida obunachiga ega. Ushbu kanallar orqali tarqatilayotgan kontent Malayziya qonunlarini buzgan, jumladan, davlat tashkilotlariga nisbatan ishonchni susaytirish va jamoat tartibiga tahdid keltirishda ayblangan.
Komissiya ta’kidlashicha, bu — mamlakatda birinchi marta ijtimoiy tarmoq platformasining faoliyati rasman cheklangan holat hisoblanadi. Shuningdek, ular Telegram rahbariyati bilan muammoli kontentni olib tashlash borasida bir necha bor muzokaralar olib borganini, ammo bu urinishlar natija bermaganini ma’lum qildi.
MCMC har qanday raqamli platforma o‘zida joylashtirilayotgan ma’lumot uchun javobgar ekanini eslatdi. Sud Telegram’ga o‘z pozitsiyasini himoya qilish uchun yetarlicha vaqt berilishini ta’kidladi.
Telegram’ga qarshi bunday choralar avval Viyetnamda ham qo‘llangan. U yerda platforma foydalanuvchilar ma’lumotlarini tergov ishlarida taqdim etmaslikda ayblangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Viyetnamdagi 9600 ta Telegram kanali va guruhlaridan 68 foizi noqonuniy faoliyat — qalloblik, giyohvand moddalar savdosi yoki terrorizm bilan bog‘liq faoliyat yuritgan.
Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiyada ham tekshiruv ostida. U yerda ham platformaning «qonuniy talablarga javob bermasligi» bo‘yicha shikaoyatlar berilgan. Telegram bu tanqidlarga javoban so‘nggi paytda o‘z siyosati va qoidalariga bir qator o‘zgarishlar kiritdi — xususan, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan kelib tushayotgan rasmiy talablar asosida ma’lumot berishni boshladi.
Telegram hozirda Xitoy, Eron va Tailandda ham rasman taqiqlangan.





