
Malayziyaning Tenaga Nasional kompaniyasi O‘zbekiston tog‘ hududlarida GES qurmoqchi
23.07.2025 | 08:2012573
Tenaga Nasional Berhad kompaniyasi O‘zbekistonda kichik va o‘rta gidroelektrostansiyalarni qurish hamda elektr tarmoqlarini yangilashga investitsiya kiritish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Dunyo agentligining xabar berishicha, Kuala-Lumpurda O‘zbekiston elchisi Karomiddin G‘adoyev bilan Tenaga Nasional Berhad prezidenti Megat Jaloliddin bin Hasan o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Tomonlar energetika sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilgan.
Tenaga Nasional Berhad kompaniyasi elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlashda to‘liq ishlab chiqarish zanjiriga ega. Ushbu tajriba O‘zbekiston energetika tizimiga joriy etilishi foydali bo‘lishi ta’kidlangan.
Kompaniyaga respublika tog‘li hududlarida kichik va o‘rta gidroelektrostansiyalar qurish taklifi berilgan. Shuningdek, elektr tarmoqlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish loyihalarida ham ishtirok etish tavsiya etilgan. Loyihalar davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Megat Jaloliddin bin Hasan ta’kidlashicha, taqdim etilgan takliflar kompaniya mutaxassislari tomonidan ijobiy ko‘rib chiqiladi. Ushbu masalalarni muhokama qilish uchun mas’ul shaxs tayinlanadi.
Ma’lumot uchun: Tenaga Nasional Berhad 1949 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik energetika kompaniyalaridan biri sanaladi. Uning 45 foiz aksiyalari Malayziya hukumati nazoratidagi fondlarga tegishli. Kompaniya elektr energiyasini ishlab chiqarish va taqsimlash, elektrostansiyalarni ta’mirlash va sinovdan o‘tkazish, muhandislik va qurilish xizmatlari ko‘rsatish hamda ko‘mir qazib olish faoliyatlari bilan shug‘ullanadi.





