
Mansabdorlar aybi bilan yetkazilgan zarar endi o‘zlaridan undiriladi
19.08.2025 | 15:306013
Fuqarolarga yetkazilgan zarar avval kompensatsiya jamg‘armalari hisobidan qoplanadi, so‘ng aybdor mansabdordan undiriladi.

Loyihada moddiy yoki ma’naviy zarar yetkazilganda uning o‘rni avval Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi kompensatsiya jamg‘armalari hisobidan qoplanishi ko‘zda tutilgan. Bunda sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asos bo‘ladi.
Keyinchalik ushbu mablag‘lar zararga sababchi bo‘lgan davlat organi mansabdor shaxsidan regress tartibida to‘liq undiriladi. Shu orqali aybdor shaxs shaxsan moliyaviy javobgarlikka tortiladi.
Hujjatning ikkinchi o‘qishga tayyorlanish jarayonida partiyalar fraksiyalari va deputatlar takliflari hisobga olinib, ayrim normalardagi noaniqliklar bartaraf etildi va asosiy tushunchalar huquqiy texnik jihatdan aniqlashtirildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, qonun fuqarolarning davlat organlari yoki ularning mansabdorlari noqonuniy qarorlari yoki harakatlari sabab yetkazilgan zarar davlat tomonidan qoplanishi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy huquqini ta’minlaydi. Shu bilan birga, aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Qonunchilik palatasi uchinchi o‘qishda fuqarolarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini belgilaydigan qonun loyihasini ma’qullab, Senatga yubordi.





