add

Markaziy bank asosiy stavka bo‘yicha qarorni o‘zgarishsiz qoldirdi

24.10.2025 | 11:132642

2025 yil 24 oktyabrda Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolish haqida qaror qabul qildi. Bu qaror inflyatsiya bosimini nazorat qilish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.

Markaziy bank asosiy stavka bo‘yicha qarorni o‘zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning uchinchi choragida iqtisodiy faollik o‘sishi davom etgan bo‘lsa-da, inflyatsiyani barqaror darajada ushlab turish zarurligi sababli asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldirildi.

Qat’iy pul-kredit siyosati, o‘tgan yilgi inflyatsiya omillarining pasayishi va milliy valyuta — so‘mning mustahkamlanishi sentabr oyida yillik inflyatsiyaning sekinlashishiga xizmat qildi. Natijada, umumiy inflyatsiya darajasi 0,8 foiz bandga kamayib, 8 foizni tashkil etdi.

Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari narxlari pasayishga hissa qo‘shgan bo‘lsa, xizmatlar sohasida talab omillari ta’sirida narxlar o‘sishi yuqori darajada saqlanib qolgan. Bazaviy inflyatsiya ham pasayish yo‘nalishiga o‘tib, sentyabr oyida 7 foizgacha sekinlashdi.

Markaziy bank ta’kidlashicha, so‘mning mustahkamlanishi import inflyatsiyasining pasayishiga olib kelib, ichki bozordagi narxlar barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, aholi va tadbirkorlar inflyatsiya bo‘yicha kutilmalari ham pasayishda davom etmoqda.

Inflyatsiyaning pasayish tendensiyasi barqaror bo‘lishi uchun Markaziy bank pul-kredit sharoitlarini hozirgi nisbatan qat’iy darajada saqlab qolish zarurligini ta’kidladi. Bu iqtisodiyotda jamg‘armalarni rag‘batlantirish, kreditlar sur’atini maqbullashtirish va yalpi talabni muvozanatda ushlashga xizmat qiladi.

2025 yil uchun YAIMning real o‘sishi 7–7,5 foiz darajasida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Markaziy bank o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga tushirish uchun pul-kredit siyosatidagi qat’iylikni saqlab borishni rejalashtirmoqda. Asosiy stavka bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish 2025 yil 11 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Teglar

Mavzuga oid