Logo

Markaziy bank: Asosiy stavkani pasaytirish masalasi muhokama qilinmadi

Bugun 19:152 daqiqa

Markaziy bank 29-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavkani pasaytirish variantini hatto muhokamaga ham qo‘ymagan. Ammo regulyator kelgusida iqtisodiy sharoit talab etsa, stavkani 0,25 foizlik qadamlar bilan pasaytirish ehtimolini istisno qilmadi.

Markaziy bank: Asosiy stavkani pasaytirish masalasi muhokama qilinmadi

29-iyul kuni Markaziy bank boshqaruvi yig‘ilishida asosiy stavkani pasaytirish masalasi ko‘rib chiqilmagan. Bu haqda matbuot anjumanida Markaziy bankning Pul-kredit siyosati departamenti rahbari Samig‘jon Inog‘amov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Vaqt.uz muxbiri.

Inog‘amovning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilishda faqat asosiy stavkani amaldagi 14 foiz darajasida saqlab qolish taklifi muhokama qilingan.

Vaqt.uz ushbu yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, asosiy stavka 14  foiz darajasida yana o‘zgarishsiz qoldirilgani haqida xabar bergandi.

Bunga sabab sifatida esa yaqin choraklarda inflatsiyani kuchaytiruvchi omillar va xavflar saqlanib qolayotgani keltirilgan.

«Bugungi yig‘ilishda asosan bir taklif — asosiy stavkani saqlab qolish muhokama qilindi. Pasaytirish taklifi ko‘rib chiqilmadi. Chunki kelgusi choraklarda proinflyatsion omillar va xavflar ustunligicha qolmoqda», — dedi Pul-kredit siyosati departamenti rahbari.

2



Asosiy stavka qachon pasaytirilishi mumkin?

Markaziy bank vakiliga ko‘ra, pul-kredit siyosati yumshatilishi uchun bir nechta shart bajarilishi lozim.

Avvalo, bazaviy inflatsiya barqaror pasayish trayektoriyasiga o‘tishi kerak. Hozirda ushbu ko‘rsatkich 5,7 foizni tashkil etmoqda va yil boshidan buyon deyarli o‘zgarmagan.

Shuningdek, aholi va biznesning inflyatsion kutilmalari ham sezilarli darajada pasayishi talab etiladi. Inogamovning ta’kidlashicha, so‘nggi oylarda kutilmalar pasayish tendensiyasini ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, bu sur’at Markaziy bank kutgan darajaga yetmagan.

Yana bir muhim shart — yangilanadigan makroiqtisodiy prognozlar. Agar tahlillar inflatsiyaning 5 foizlik maqsadli darajaga o‘z vaqtida qaytishiga xavf yo‘qligini ko‘rsatsa, Markaziy bank asosiy stavkani pasaytirish masalasiga qayta murojaat qilishi mumkin.

Stavka 0,25 foiz bandga o‘zgarishi mumkinmi?

Matbuot anjumanida Vaqt.uz jurnalisti Mahliyo Hamid regulyatordan kelgusida asosiy stavkani 1 foiz yoki 0,5 foiz emas, Qozog‘iston hukumati qo‘llagani kabi 0,25 pasaytirish haqidagi rejalarini ham so‘radi

Inog‘amov bunga javoban, bu borada universal yondashuv mavjud emasligini qayd etib, stavkaning qay darajada o‘zgartirilishi iqtisodiyotdagi vaziyat, inflatsiya dinamikasi va prognozlarga bog‘liqligi ta’kidladi.

U Rossiya va Qozog‘iston markaziy banklari inflatsiya sekinlashgani tufayli yaqinda stavkalarni 0,25 foiz bandga tushirganiga to‘xtalib, har bir mamlakatda qaror alohida iqtisodiy sharoitdan kelib chiqib qabul qilinishi eslatdi.

Ammo Markaziy bank vakili anjuman davomida O‘zbekiston ham kelgusida zarurat tug‘ilsa, asosiy stavkani kichikroq qadamlar bilan o‘zgartirishi mumkinligini istisno qilmadi. Ammo hozircha bunday amaliyotga o‘tish bo‘yicha aniq rejalar e’lon qilinmagan.

Teglar

Mavzuga oid