
Markaziy bank asosiy stavkani yana o‘zgarishsiz qoldirdi
2025 yil 11-dekabrda Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolish haqida qaror qabul qildi.

Markaziy bank 2025 yil 11-dekabrdago yig‘ilishida asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolishga qaror chiqardi.
Regulyator bu qaror inflyatsiyaning pastlab borishi va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atda saqlanayotgani bilan izohlanishini ma’lum qildi.
Noyabr oyida umumiy inflatsiya yillik hisobda 7,5 foizga, bazaviy inflatsiya esa 6,3 foizga tushgani qayd etildi.
Markaziy bank 2025 yil yakuniga qadar inflatsiya prognozini 7,3 foizga pasaytirdi. 2026 yil uchun asosiy inflatsiya kutilmalari 6,5 foiz atrofida shakllanmoqda. Iqtisodiy faollik bo‘yicha progressiv dinamika saqlanib, yil yakunlariga ko‘ra yalpi ichki mahsulot o‘sishi 7–7,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, taklif omillari bo‘yicha xavf-xatarlar saqlanib qolmoqda. Jumladan, oziq-ovqat ta’minotidagi muammolar, transport xarajatlarining o‘sishi va tartibga solinadigan narxlarning indeksatsiyasi inflyatsion bosimni kuchaytirishi mumkinligi ta’kidlandi. Shuningdek, moliyaviy inklyuzivlik kengayayotgani sababli chakana kreditlash jadalligi oshib bormoqda. Regulyator bu jarayon kelgusida inflyatsion xavflarni kuchaytirishi mumkinligini eslatdi.
Markaziy bank fikriga ko‘ra, inflatsiya va inflyatsion kutilmalar pasayishi fonida real foiz stavkalari yuqori darajada saqlanmoqda. Bu esa milliy valyutadagi jamg‘armalar o‘sishiga turtki bermoqda. Shu bilan birga, inflyatsiyaning pasayish trayektoriyasini ta’minlash maqsadida pul-kredit sharoitlari qat’iy darajada saqlanishi, iqtisodiy vaziyatga qarab qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi bildirildi.
Asosiy stavkani navbatdagi ko‘rib chiqish sanasi 2026 yil 28-yanvarga belgilandi.
Ma’lumot uchun, oxirgi marta asosiy stavka 2025 yil 20-martda 0,5 foiz bandga oshirilgan. Shu vaqtdan buyon asosiy stavka o‘zgarishsiz qolmoqda.
Teglar






