Markaziy bank «ish haqi qulligi»ga barham beruvchi tizim ishlab chiqdi
Tizimi ishga tushirilgach, xodimlar ish haqini istalgan bank kartasiga olish imkoniga ega bo‘ladi.
© vaqt.uzMarkaziy bank xodimlarga ish haqini qaysi bank kartasiga olishni mustaqil tanlash imkonini beradigan «Taqsim» tizimini ishlab chiqdi. Bu haqda Spot o‘z manbalariga tayanib, xabar berdi.
Yangi mexanizm orqali ish beruvchi qaysi bank bilan hamkorlik qilishidan qat’i nazar, xodim o‘ziga qulay bank orqali maosh olishi mumkin bo‘ladi.
Dastlab tizimni 2026-yil 30-iyungacha ishga tushirish rejalashtirilgan edi. Biroq ayrim tijorat banklarining tizim bilan integratsiyaga texnik jihatdan tayyor emasligi sabab loyiha muddati uzaytirildi.
Hozirgi amaliyotda ko‘plab tashkilotlar ish haqini faqat hamkor bank orqali to‘laydi. Natijada xodimlar aynan o‘sha bankning kartasini ochishga majbur bo‘lmoqda.
Yangi tizim esa ushbu amaliyotga barham berib, fuqarolarga bankni erkin tanlash huquqini taqdim etadi.
«Taqsim» tizimi 2025-yil 27-noyabrda qabul qilingan Prezident qarori ijrosi doirasida ishlab chiqilmoqda.
Qarorda fuqarolarga ish haqi va boshqa ommaviy to‘lovlarni istalgan bank yoki elektron hamyon orqali qabul qilish imkonini yaratish hamda chakana bank xizmatlari bozorida raqobatni kuchaytirish vazifasi belgilangan.
Shuningdek, mazkur hujjatga muvofiq, Markaziy bank 2026-yil iyun oyigacha o‘z boshqaruvidagi to‘lov tizimlarida ommaviy (to‘plamli) to‘lovlar funksiyasini joriy etishi lozim edi. Hozircha «Taqsim» tizimining qachon ishga tushirilishi bo‘yicha yangi muddat e’lon qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 27-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev imzolagan moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha qarorga muvofiq, mamlakatda «maosh qulligi» deb tanilgan tizim bosqichma-bosqich bekor qilinishi ma’lum qilingandi.





