
Markaziy bank kredit oluvchilar uchun chek-list joriy etishni taklif qildi
15.08.2025 | 12:0025122
Markaziy bank banklar faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablarni o‘zgartirish loyihasini ishlab chiqdi. Yangi tizim qarzdorlik shartlari va xavflarini mijozga to‘liq tushuntirish orqali kredit munosabatlarida ochiqlikni oshirishni maqsad qiladi.
Loyihaga ko‘ra, jismoniy shaxslarga kredit ajratishda to‘rtta asosiy shart ko‘rsatilgan chek-list joriy etiladi. Unda:
Kredit xarajat ekanligi;
To‘lov jadvalini o‘rganib chiqish;
Daromadning yetarliligi;
to‘lovni kechiktirish oqibatlaridan xabardorlik kabi punktlar mavjud bo‘ladi.
Chek-list qarz maqullangandan keyin, lekin shartnoma imzolanishidan oldin taqdim etiladi. Qarz oluvchi har bir bandini o‘qib, maxsus belgi qo‘yib va imzo chekqandan so‘nggina shartnomani imzolash mumkin bo‘ladi. Masofaviy xizmatlarda esa barcha punktlar elektron belgi bilan tasdiqlanib, sana, vaqt, IP-mazil va identifikatorlar bank tizimida qayd etiladi.
Loyihada banklar mijoz roziligisiz kredit parametrlarini mobil ilovaga avtomatik yuklash va «standart» rozilik tugmalaridan foydalanishi taqiqlanishi belgilangan. Shartlarni qabul qilish tugmasi hujjat oxirigacha o‘qilgandan keyin faollashishi lozim.
Shuningdek, banklar mijoz moliyaviy qiyinchilikka duch kelganda kredit shartlarini o‘zgartirish yoki restrukturizatsiya qilish tartibini ishlab chiqib, rasmiy saytida e’lon qilishi shart bo‘ladi.





