Markaziy bank yanvarda 7 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
Bank nazorati qo‘mitasi oy davomida 6-marta yig‘ilish o‘tkazib, jami 27 ta masalani ko‘rib chiqqan.

Markaziy bank yanvar oyida 7 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi, 4 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan qat’iy choralar qo‘llanilishi bo‘yicha ogohlantirish berildi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning yanvar oyidagi yig‘ilishlar (jami 6-marta) davomida 27 ta masala ko‘rib chiqilgan va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilingan.
Jarimalar va qarorlar
Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 17 ta masala ko‘rib chiqilgan. Jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (4 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (2 ta), to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berish (3), shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (5 ta) bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan.
Shuningdek, «Baraka Biznes Hamroh Mikromoliya Tashkiloti» va «Effective Money Mikromoliya Tashkiloti» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari o‘z arizasiga asosan mikromoliya tashkilotlari reyestridan chiqarilgan. Bundan tashqari, «IT Unisoft Group» aksiyadorlik jamiyatiga to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziya ham o‘z arizasiga muvofiq bekor qilingan.
Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 10 ta masala ko‘rib chiqilgan. Xususan, Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, bank va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari, bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish, hamda to‘lov tashkilotlarida belgilangan talablariga rioya etilishiga doir masalalar muhokama qilingan.
Qo‘mita qarorlari
Qonunchilik talablariga muvofiq faoliyatini tashkil etmagani uchun 4 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan qat’iy choralar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirish berilgan. Shuningdek, korporativ bank kartalariga xizmat ko‘rsatish jarayonida qonunchilik talablari buzilgani, hamda inspeksiyalar davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 7 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanilgan.
Shuningdek, joriy yil yanvar oyida bank faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar yetarli darajada samara bermagani, jumladan, ustav kapitali qonunchilikda belgilangan eng kam miqdorga yetkazmagani va bank faoliyatiga oid qator talablar bajarilmagani sababli «Yangi bank» aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyasi bekor qilingan.





