
Markaziy bank zaxiralari bo‘yicha dunyodagi yetakchi davlatlar top o‘ntaligi
04.10.2025 | 20:3124063
Dunyo iqtisodiy barqarorligi uchun markaziy banklar zaxiralari katta ahamiyatga ega. Ular mamlakatlarga to‘lov balansi majburiyatlarini bajarishda yordam beradi va iqtisodiyotni turli inqiroz hamda geosiyosiy silkinishlardan himoya qiladi.

Eng katta o‘nta davlatning markaziy banklari jami 9,4 trln dollar zaxiraga ega va bu dunyo zaxiralarining 60 foizidan ortiq qismini tashkil etmoqda. Bu haqda AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi ma’lumot berdi.
Markaziy banklar zaxiralari bo‘yicha birinchi o‘rinda Xitoy joylashgan bo‘lib, 3,4 trln dollar zaxiraga ega . Undan keyin Yaponiya 1,2 trln dollar bilan ikkinchi, AQSH va Shveysariya esa 0,9 trln dollar ko‘rsatkich bilan uchinchi va to‘rtinchi o‘rinni egallagan. Hindistonning zaxiralari 0,6 trln dollarni tashkil etadi.
Rossiyaning markaziy bank zaxiralari 0,5 trln dollarga yetgan bo‘lsa, Saudiya Arabistoni, Hongkong va Janubiy Koreyaning har biri taxminan 0,4 trln dollar atrofida zaxira to‘plagan. Singapur esa 0,3 trln dollar bilan birinchi o‘ntalikni yakunlaydi.
Ko‘pgina davlatlar zaxira tarkibida oltin ulushini oshirishga intilib, uni inflyatsiya va moliyaviy xavflarga qarshi samarali himoya sifatida ko‘rib kelmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari may oyi oxirida oltin narxining oshishi hisobiga 49,66 milliard dollarni tashkil etib, tarixiy maksimal darajaga yetgan edi. Bu Markaziy bank 2013 yilda ma’lumotlarni kuzatishni boshlaganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.





