add

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VII Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston prezidenti raisligida o‘tgan sammitda yangi formatdagi mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tildi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VII Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

16-noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Sammitda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ishtirok etdi.

«Mohiyatan biz Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida mustahkam ko‘prik barpo etmoqdamiz, hamkorlikning yagona makonini shakllantirishga yo‘l ochmoqdamiz. Bu ikki mintaqaning strategik bog‘liqligi va barqarorligini kuchaytirishi shubhasiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, hududiy masalalar uzil-kesil hal etildi, chegara punktlari ochildi, suv-energetika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, transport aloqalari qayta tiklandi, faol savdo-investitsiyaviy va gumanitar aloqalar uchun qulay sharoitlar yaratildi.

«bugungi kunda Markaziy Osiyo – barqaror o‘sish va farovonlik uchun oldimizda yangi imkoniyatlar ochayotgan jadal taraqqiyot va samarali hamkorlik makonidir», – dedi davlat rahbari.

Mintaqaning xalqaro munosabatlar sub’ekti sifatidagi mavqei mustahkamlanib, global masalalardagi roli ortib bormoqda, «Markaziy Osiyo plyus» formatidagi munosabatlar kuchaymoqda, mintaqa nufuzli xalqaro maydonlarda yagona pozitsiya bilan maydonga chiqmoqda.

Formatga Ozarboyjonning qo‘shilishi bilan mintaqaning jahon hamjamiyatidagi ovozi yanada salmoqli bo‘lishiga ishonch bildirildi.

Davlat rahbari murakkab va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan xalqaro siyosiy jarayonlar sharoitida mintaqa mamlakatlarining hamjihatligi va bir-birini qo‘llab-quvvatlashini mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

«Ishonchim komilki, bugun biz mintaqamizning Yangi Markaziy Osiyo sifatidagi tarixiy uyg‘onish davri ostonasida turibmiz. Biz hamkorligimizning institutsional asoslarini yanada mustahkamlash, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga nisbatan tahdidlarga o‘zaro muvofiqlashtirilgan javobni ishlab chiqishni o‘z oldimizga vazifa qilib qo‘yganmiz. Biz uchun hozirning o‘zida mintaqamizni bundan 10-20 yildan keyin qanday ko‘rishni xohlashimiz bo‘yicha aniq tushunchaga ega bo‘lish muhimdir», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, soliq va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, erkin iqtisodiy va sanoat zonalaridan birgalikda foydalanish muhimligi ta’kidlandi.

So‘ng Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarboyjon yetakchilari so‘zga chiqdi. BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning murojaatini o‘qib eshittirdi.

Teglar

Mavzuga oid