
Markaziy Osiyo: Qozog‘iston va Qirg‘iziston strategik ittifoqchilik bosqichiga o‘tdi
22.07.2025 | 22:2025132
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Qirg‘iziston bilan kengaytirilgan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qildi. Unda siyosiy, iqtisodiy, transport, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirish nazarda tutilgan.

Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi strategik hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. 2025 yil iyul oyida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ikki davlat o‘rtasidagi kengaytirilgan ittifoqchilik to‘g‘risidagi shartnomani imzolab, uni rasman ratifikatsiya qildi. Hujjat avvalroq Qozog‘iston parlamenti tomonidan ma’qullangan edi.
Mazkur shartnoma siyosat, iqtisodiyot, energetika, transport va agrosanoat sohalarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Xususan, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishida qo‘shma korxonalar tashkil etish va kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, bu kelishuv global oziq-ovqat xavfsizligiga tahdidlar ortib borayotgan bir sharoitda alohida ahamiyat kasb etadi. Ikki davlat o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2030 yilgacha 3 milliard dollarga yetkazishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.





