
Markaziy Osiyoda byudjet profitsiti barqarorlik kafolati emas — tahlilchilar
21.07.2025 | 21:4047982
2025 yilning 1-choragida uch davlatda byudjet profitsiti kuzatilganiga qaramay, iqtisodiy barqarorlikka tahdid soluvchi omillar saqlanib qolmoqda. Inflyatsiya, investitsiya pasayishi va ijtimoiy xarajatlar iqtisodiy barqarorlikni zaiflashtirishi mumkin.

Yevroosiyo barqarorlik va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan e’lon qilingan tahlilga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlarida 2025 yil boshida qayd etilgan byudjet profitsiti iqtisodiy barqarorlik uchun kafolat emas. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlarida birinchi chorakda davlat byudjeti mo‘’tadil darajada foyda bilan yakunlangan bo‘lsa-da, bir qator ichki va tashqi risklar saqlanib qolmoqda.
Tahlilda qayd etilishicha, davlat byudjetlarining foyda ko‘rsatkichi ko‘p hollarda vaqtinchalik omillar — xususan eksport narxlaridagi o‘sish va soliq tushumlarining ko‘payishi hisobiga yuzaga kelgan. Biroq yirik infratuzilma loyihalarining moliyalashtirilishi va ijtimoiy xarajatlarning ortishi kelgusida byudjetga katta bosim olib kelish ehtimoli bor.
«Iqtisodiy faollik pasayishi, inflyatsion bosimning ortishi va maosh hamda tariflar o‘sishining kreditlash bilan birga kelishi iqtisodiyotni «qizdirishi» mumkin», — deyiladi jamg‘arma xulosasida.





