add

Markaziy Osiyoda xususiy maktablar: eng qimmat narx O‘zbekistonda

29.08.2025 | 17:304769

Mintaqada xususiy maktablar soni tez ortib borayotgan bo‘lsa-da, ularning narxi aholining o‘rtacha daromadiga nisbatan juda yuqori. Xususan, O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida eng qimmat va eng arzon ta’lim variantlarini taklif etayotgan mamlakat sifatida qayd etilgan.

Markaziy Osiyoda xususiy maktablar: eng qimmat narx O‘zbekistonda
Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan ota-onalar oldida doimiy savol paydo bo‘ladi: «Farzandim qayerda o‘qiydi?» Avvallari ko‘pchilik uchun tanlov oddiy edi — eng yaxshi maktab uyga eng yaqin davlat maktabi. Hozir esa tobora ko‘proq oilalar xususiy ta’limni tanlamoqda. Buning asosiy sababi: xususiy maktablarda sinfda bolalar soni kamroq, tartib va xavfsizlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, o‘quvchiga individual yondashuv kuchliroq. Bunday maktablarda bola nafaqat darslarga qatnaydi, balki «to‘liq kun» tamoyiliga asoslanadi — uy vazifasi, mashg‘ulotlar va qiziqishlariga mos to‘garaklar ham shu yerda tashkil qilinadi. Qaysidir maktabda robototexnika, qaysisida esa xorijiy tillar yoki sport yo‘nalishlari bor. Ayrim xususiy maktablarda esa IT, dizayn yoki hozir juda mashhur bo‘lib borayotgan SMM kabi kasblar ham o‘rgatiladi. Aqchabar nashriga ko‘ra, agar bola o‘qishda orqada qolsa, xususiy maktablarda uni mashg‘ulotlarda kuzatib boradigan va boshqalarga yetib olishi uchun yordam beradigan tyutor ishga tushadi. Bu ota-onalar uchun katta qulaylik, chunki farzandi e’tibordan chetda qolmaydi. Davlat maktablarida esa sinfda 40-45 nafargacha o‘quvchi bo‘lishi mumkin va bunday yondashuvni ta’minlash qiyin. Xususiy maktablar endi odatiy holga aylanmoqda. Masalan, o‘n yil oldin Qirg‘izistonda bunday ta’lim juda kam edi. Hozir esa ular tobora ommalashmoqda. Ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda Qirg‘izistonda 152 ta xususiy maktab bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda ularning soni 224 taga yetdi. Ya’ni, atigi to‘rt yil ichida 72 ta yangi xususiy maktab ochilgan. Xususiy maktablarning ko‘payishi nafaqat ota-onalarning sifatli ta’limga bo‘lgan ehtiyoji, balki bozorning rivojlanishi bilan ham bog‘liq. Endi ular oddiy dasturlardan tashqari xalqaro yo‘nalishlarni ham taklif qilishmoqda, jumladan Kembrij va Oksford dasturlari. Lekin shunga yarasha narxlar ham oshmoqda.   Qirg‘iziston Qirg‘izistonda narxlar turlicha. Xususan, Aqchabar nashriga ko‘ra, Qirzg‘istondagi eng arzon xususiy maktablar yiliga 2,8-3,5ming dollardan boshlanib, eng qiymmati BIS 15 ming dollargacha yetadi. Ayrim xususiy maktablar stipendiya ham to‘laydi.   Qozog‘iston Qozog‘istonda ham xususiy maktablar juda mashhur,ayniqsa Almatida. Mamlakatda eng arzon xususiy maktabning yillik ta’limi 3,3 ming dollar bo‘lsa, eng qimmat «Miras» xalqaro maktabida narxlar 13 ming dollargacha yetadi.   O‘zbekiston O‘zbekistonda xususiy maktablar bozori tez rivojlanmoqda. Mamlakatda xususiy maktabning yillik to‘lovi 24 ming dollar bo‘lsa va eng arzon maktab 800 dollarni tashkil qiladi.   Tojikiston Tojikistonda xususiy maktablarda o‘qish narxlari aholining daromadlariga nisbatan ancha yuqori.  Xususan, eng arzon xususiy maktabda yillik tarif 1,5 ming dollar ni tashkil qilsa, eng qimmatida qariyib 3 ming dollarni tashkil qiladi. Ta’lim narxini ish haqi bilan solishtirganda, mintaqadagi xususiy maktablarda o‘qish oilalarga ancha qimmat tushishi ko‘rinadi. Qirg‘izistonda o‘rtacha ish haqi 473 dollar atrofida, lekin xususiy maktabda o‘qish yiliga kamida 2,8 ming dollar turadi. Qozog‘istonda maosh biroz yuqoriroq – o‘rtacha 825 dollar, ammo yaxshi maktablarda ta’lim narxi yiliga kamida 3,3 ming dollar. O‘zbekistonda o‘rtacha daromad 476 dollar bo‘lsa, arzonroq variantlar yiliga 750 dollar atrofida, eng qimmat maktablar esa 20 ming dollardan ham yuqori. Tojikistonda esa tafovut eng katta: o‘rtacha maosh atigi 279 dollar, lekin xususiy maktablarda ta’lim 1,6 ming dollardan boshlanadi. Umuman olganda, mintaqada eng qimmat maktablar O‘zbekistonda joylashgan, masalan, CIS Tashkentda o‘qish yiliga 24 ming dollargacha boradi. Shu bilan birga, eng arzon variant ham O‘zbekistondadir: Oxbridge boshlang‘ich maktabida yiliga 800 dollardan kam to‘lov bilan o‘qish mumkin. Shunday qilib, O‘zbekiston hozirda bir vaqtning o‘zida eng qimmat hamda eng arzon xususiy maktablarga ega mamlakat bo‘lib turibdi. Qirg‘iziston va Qozog‘istonda maktablar narxi nisbatan muvozanatliroq, lekin baribir oilalarning o‘rtacha daromadidan ancha yuqori. Tojikistonda esa vaziyat yanada og‘ir: hatto yiliga bir yarim ming dollarlik eng arzon ta’lim narxi ham aholining yillik maoshidan bir necha baravar ko‘p Mehrinoza Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid