
Markaziy Osiyodagi yirik «Deadpool» narkotarmog‘i fosh etildi
11.10.2025 | 19:0210644
O‘zbekistonda Bojxona organlari 4 mingdan ortiq faol obunachiga ega bo‘lgan «Deadpool» nomli Markaziy Osiyodagi Telegram narkotarmog‘iga aloqador bir nechta shaxsni qo‘lga oldi. Ular yuzlab gramm sintetik moddalarni tarqatgani aniqlandi.

Bojxona organlari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida yirik narkotarmoq fosh etildi. Tezkor tadbirlar 2025 yil avgust–sentyabr oylarida huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 2017 yildan buyon faoliyat yuritib kelgan va Markaziy Osiyo miqyosidagi Telegram narkotarmoqlaridan biri sanalgan «Deadpool» kanalidagi yirik tarqatuvchilar qo‘lga olingan. Kanalda 4 mingdan ortiq faol obunachi bo‘lgan.
31 avgust kuni Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qirg‘izistondan noqonuniy yo‘l bilan olib kirilgan 602 gramm «alfa-PVP» sintetik moddasini qabul qilayotgan shaxs ushlangan. Tergovda u 2023 yildan buyon narkotarmoq faoliyatida ishtirok etib, jami 50 kilogrammga yaqin modda tarqatganini tan olgan.
Shuningdek, 10 sentyabr kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi «nazorat ostida yetkazib berish» amaliyotida yana ikki nafar shaxs «Deadpool» tarmog‘iga tegishli 492,2 gramm «klefedron» moddasi yashirilgan jo‘natmani qabul qilayotganida qo‘lga olingan. Ular yarim yil mobaynida 12,5 ming dozadan ortiq sintetik narkotikni muomalaga kiritgani aniqlangan.
Terguv ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shaxslar har biri 10 nafardan ortiq «zakladchik» — ya’ni mayda tarqatuvchilar tarmog‘ini tashkil etgan. Ular Toshkent shahri va viloyatining Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek, Bektemir, Chirchiq va Yuqorichirchiq hududlaridagi bog‘lar va ta’lim muassasalari atrofida faoliyat yuritgan.
Hozirda Bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilmoqda. Ilgari Farg‘ona viloyatida ham shunga o‘xshash transchegaraviy narkotarmoq a’zolari qo‘lga olingan edi.





