
Marko Rubio: «Eronning javob zarbalari uning eng katta xatosi bo‘ladi»
23.06.2025 | 08:451413
AQSH davlat kotibi Marko Rubio Eronni ogohlantirib, mamlakatning ehtimoliy javob choralari uning tarixdagi eng katta xatosi bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. U shuningdek, Vashington hokimiyat almashini istamasligini ma’lum qildi.

AQSH davlat kotibi Marko Rubio «Fox News» telekanaliga bergan intervyusida AQSH tomonidan Eronning Fo‘rdu, Natanz va Isfahon shaharlaridagi yadroviy ob’ektlariga qilingan havo hujumlari haqida izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Eronda rejimni almashtirish niyatida emas, ammo Tehronning har qanday qarshi zarbalari unga og‘ir oqibatlar keltirishi mumkin.
Rubio Eronning javob choralarini «tarixiy xatolik» sifatida baholadi. Unga ko‘ra, Vashington Tehron bilan muzokaralarga ochiq, biroq yadroviy qurol yaratish harakatlari xalqaro hamjamiyat tomonidan qabul qilinmaydi.
Davlat kotibi Eronni Yaqin Sharqdagi «yaxlit muammo va beqarorlik manbai» deb atadi. Uning fikricha, agar Eron yashirin yadroviy dasturni amalga oshirishda davom etsa, nafaqat AQSH, balki boshqa ko‘plab davlatlar bilan ham jiddiy muammolarga duch keladi.
Rubio Xitoyni ham voqeaga aralashishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi butun jahon energetika xavfsizligi uchun jiddiy tahdid soladi. Shuning uchun Xitoy Tehron bilan diplomatik aloqa o‘rnatishi lozim.
Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident Donald Trampning 22 iyun kuni amalga oshirgan havo hujumlari butun dunyo xavfsizligi uchun «foydali xizmat» bo‘ldi.





