
Mask Epshteyn haqidagi haqiqat uchun pul to‘lashga tayyor
Ilon Maskning ismi ham Jeffri Epshteyn ishi bo‘yicha ochiqlangan materiallarda uchraydi. Xususan, 2013 yildagi maktublardan birida u Epshteyn oroliga borish haqida so‘ragani aytilgan.

Amerikalik tadbirkor Ilon Mask moliyachi Jeffri Epshteynning mijozlari ro‘yxati haqida guvohlik berishga rozi bo‘lgan shaxslarga advokatlik xizmatlari uchun haq to‘lashini e’lon qildi. Bu haqda u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirdi.
«Men bu borada haqiqatni so‘zlagan va shu sababli javobgarlikka tortilgan har qanday shaxsning huquqiy himoyasini moliyalashtiraman», — deb yozdi u foydalanuvchilardan birining xabariga javoban.
Maskning ismi hujjatlarda tilga olinishi
Maskning o‘zi ham Epshteyn ishi bo‘yicha materiallarda tilga olingan. Xususan, uning ismi moliyachiga yo‘llangan maktublardan birida uchraydi.
The Telegraph nashri keltirgan, 2013 yil 31-yanvarda ismi oshkor etilmagan shaxs tomonidan Epshteynga yuborilgan maktubda: «Ilon Mask 2-yanvar kuni sizning orolingizga kelish haqida so‘raganini eslatib o‘taman», — deyiladi.
Milliarder Epshteyn bilan har qanday aloqadorlikni bir necha bor rad etgan va uning oroliga taklif qilinganida doimo rad javobini berganini ta’kidlagan. Maktubda uning ismi tilga olinganiga esa qisqacha: «Bu yolg‘on», — deya munosabat bildirdi.
30-yanvar kuni AQSH Adliya vazirligi ushbu ish bo‘yicha yana 3 million sahifalik hujjatlar, 2 mingdan ortiq video va 180 mingta fotosuratni e’lon qildi. Materiallarning bir qismi tahrir qilingan bo‘lib, ularda jabrlanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari yashirilgan.
Epshteyn ishi
2008 yilda u voyaga yetmaganlarni fohishalikka jalb qilish va ularni zo‘rlash bo‘yicha ayblanuvchiga aylangan. O‘shanda moliyachi o‘z aybiga iqror bo‘lib, tergov bilan kelishuv imzolagan va taxminan 13 oy qamoq muddatini o‘tagan.
2019 yilning iyul oyida u bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qilish maqsadida sotish va shunday jinoiy faoliyatga jalb qilish uchun til biriktirish aybi bilan takroran hibsga olingan. Tergov xulosalariga ko‘ra, Epshteyn 2002 yildan 2005 yilgacha Nyu York va Floridadagi manzillarida o‘nlab voyaga yetmagan qizlar bilan jinsiy aloqada bo‘lgan. Moliyachi ularga yuzlab dollar naqd pul to‘lagan, so‘ngra ayrim jabrlanuvchilarga yangi qizlarni jalb qilish vazifasini topshirgan. Jabrlanganlarning yoshi odatda 14 yoshga ham yetmagan.
2019 yil avgust oyida Epshteyn qamoqxona kamerasida o‘z joniga qasd qildi. Uning sherigi Gislen Maksvel esa jinoyatlarga ko‘maklashgani uchun 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.





