
Maxsus huquqiy rejimga ega «Enterprise Uzbekistan» IT markazi tashkil etildi
Ushbu markaz Angliya va Uels umumiy huquq normalari va prinsiplariga asoslangan maxsus huquqiy rejimga ega alohida hudud sifatida e’tirof etiladi.

26-noyabr kuni «Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi PF–233-sonli prezident farmoni qabul qilindi.
Ushbu farmonning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:
IT sohasiga investitsiyalarni keng jalb qilish hamda xalqaro darajada raqobatbardosh va jozibador ekotizimni shakllantirish;
raqamli yechimlar va innovatsiyalar bo‘yicha ilg‘or mahalliy kompaniyalar faoliyatini rag‘batlantirish va malakali kadrlar tayyorlash.
Shuningdek, «Enterprise Uzbekistan» raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil etilgan. Markaz hududida quyidagi faoliyat turlariga ruxsat etiladi:
dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, raqamli texnologiyalar sohasida konsalting va autstaffing xizmatlarini ko‘rsatish;
raqamli texnologiyalardan foydalangan holda autsorsing asosida masofaviy xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan, biznes jarayonlar autsorsingi (VRO);
video o‘yinlar (GameDev) yaratish, ular uchun raqamli kontent ishlab chiqish, jumladan, grafik dizayn, video va audiokontent yaratish va tahrirlash;
sun’iy intellekt texnologiyalarini yaratish va rivojlantirish.
Farmonga muvofiq, ushbu markaz Angliya va Uels umumiy huquq normalari va prinsiplariga yoki yetakchi xalqaro moliya markazlari standartlariga asoslangan maxsus huquqiy rejimga ega alohida hudud sifatida e’tirof etiladi.
Ma’lumot o‘rnida, Uels huquqi Angliya bilan birgalikda bo‘lib, sud pretsedentlari asosida shakllangan huquq tizimidir. Ya’ni, sudlar chiqargan qarorlar kelgusi ishlarda huquqiy norma sifatida xizmat qiladi. Qonun va sud amaliyoti bir-birini to‘ldiradi.





