
Mehnat bozorida paradoks: ish joylari ko‘p ammo malakali odam qidirilmoqda
22.08.2025 | 19:286374
O‘zbekistonda 2025 yil II choragida ish o‘rinlari keskin ko‘paygan bo‘lsa-da, onlayn ish qidiruvchilar faolligi pasayib ketdi. Markaziy bankning «Mehnat bozori sharhi»da ta’kidlanishicha, tadbirkorlar malakali kadrlarga ehtiyoj sezmoqda, ammo bozorda ular yetarli emas.

2025 yilning II choragida O‘zbekiston mehnat bozorida qarama-qarshi tendensiyalar kuzatildi. Tadbirkorlar bo‘sh ish o‘rinlar sonini qariyb uchdan bir hissaga ko‘paytirgan bo‘lsa-da, onlayn ish qidiruvchilar faolligi pasaygan. Bu haqda Markaziy bank e’lon qilgan «Mehnat bozori sharhi»da keltirilgan.
Qayd etilishicha, 2025 yilning aprel–iyun oylarida biznes sub’ektlari tomonidan e’lon qilingan bo‘sh ish o‘rinlari soni o‘tgan chorakka nisbatan 28,7 foizga oshgan. Yangi vakansiyalarning katta qismi savdo (19,4 foiz), umumiy ovqatlanish (17,5 foiz) va ishlab chiqarish (16,8 foiz) tarmoqlariga to‘g‘ri kelgan.
Ta’kidlanishicha, tajriba va malaka talab etiladigan sohalarda ish qidiruvchilarning faol mehnat arizalari (rezyumelari) ham ko‘paygan. Jumladan, savdo, xizmat ko‘rsatish, marketing va reklama yo‘nalishlarida faollik sezilarli oshgan.
«Savdo, xizmat ko‘rsatish, marketing va reklama sohalarida rezyumelar soni sezilarli oshgan», - deyiladi sharhda.
Umuman olganda, 2025 yil II choragida vakansiyalar soni iqtisodiy faollik va talab oshishi ortidan ko‘paygan. Biroq ish qidiruvchilar faolligining pasayishi mehnat bozorida nomutanosiblikka ishora qilmoqda. Ya’ni, biznes malaka va maxsus ko‘nikmalarga ega xodimlarga ehtiyoj sezmoqda, ammo ish qidiruvchilarning ko‘pchiligi bu talablarga mos kelmayapti.
Markaziy bank kelgusida ish o‘rinlari sonini oshirishni kutayotgan tadbirkorlar ulushi pasayishini taxmin qilmoqda.
II chorakda ish o‘rinlarini o‘zgarishsiz saqlashni rejalashtirgan tadbirkorlar ulushi 56,4 foizdan 61,2 foizga oshgan. Bu biznes talab o‘sishi davom etishini, ammo sur’ati sekinlashishini anglatadi. Qisqa muddatda iqtisodiy o‘sish va ishsizlikning pasayishi kutilsa-da, talab tomonidan narxlarga bosim ortishi mumkin. Shu bilan birga, ish o‘rinlarini ko‘paytirishni kutganlar ulushi, ayniqsa sanoat va xizmatlar sohalarida, pasayishda davom etmoqda.





