
Mehnat inspektorlari oldindan xabardor qilmay tekshiruv o‘tkazadi
19.08.2025 | 10:4529903
O‘zbekistonda 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat mehnat inspektorlari tekshiruv o‘tkazish uchun ish beruvchilarni oldindan xabardor qilmaydi. Yangi tartib mehnat qonunchiligini buzgan ish beruvchilarni jazolash va norasmiy bandlikka chek qo‘yishga qaratilgan.

Bu Prezidentning «Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil dekabrgacha mehnat inspektorlari tekshiruv o‘tkazish tartibini tasdiqlovchi hukumat qarori loyihasi tayyorlanib, Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Yangilangan tartibda ish beruvchi oldingi ko‘rsatmalarni bajarmagan yoki norasmiy ishchilarga haq to‘lamaslik holati aniqlanganda qayta tekshiruv o‘tkazish imkoniyati nazarda tutiladi.
Shu bilan birga, tadbirkorlik sub’ekti nomi ko‘rsatilmagan hollarda ham manzili aniq belgilangan holda tekshiruv tayinlanishi mumkin bo‘ladi. Tekshiruv to‘g‘risidagi ma’lumotlar ish beruvchiga YAMMT orqali yuboriladi.
Farmonga muvofiq, 1 sentyabrdan «Xavfni tahlil qilish» tizimi asosida olib boriladigan tekshiruvlar oldidan 10 ish kuni avval xabardor qilish amaliyoti mehnat inspektorlari uchun bekor qilinadi. Shu sanaga qadar korxonalar mavjud vakansiyalar haqida bandlik organlariga hisobot berish majburiyatidan ozod etiladi.
Endilikda ish beruvchilar bandlik organi yo‘llanmasi orqali kelgan nomzodni ishga qabul qilmagan taqdirda izoh berishga majbur emas. Biroq norasmiy bandlikka yo‘l qo‘ygan ish beruvchilarga nisbatan javobgarlik kuchaytiriladi.





