
«Men xizmatkorman» — Saida Mirziyoyeva otasi bilan birga ishlash va davlat xizmati haqida
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining ilk katta intervyusida to‘qqiz yildan beri prezident va otasi Shavkat Mirziyoyev bilan yelkama-yelka ishlayotganini so‘zlab berdi. O‘zini «xizmatkor» deb atar ekan, u «Men faqat foydam tegishini xohlayman» dedi.

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning «Alter Ego» loyihasiga ilk katta intervyusi e’lon qilindi. Boshlovchi Kirill Altman bilan suhbatda u hokimiyat tizimidagi roli, otasi — Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan munosabatlari, uning ish uslubi, so‘nggi to‘qqiz yildagi shaxsiy o‘zgarishlari va davlat xizmati uning uchun nima anglatishi haqida gapirdi.
«Men — xizmatkorman»
Intervyu avvalida Kirill Altman Saida Mirziyoyeva haqida ma’lumot juda kamligini ta’kidlab, unga o‘zini kim deb qilishini so‘zlab berishni taklif qildi.
«Menimcha, buni menga siz aytishingiz kerak, sizning ko‘zingizda men kim bo‘lib ko‘rinaman? Menga ham qiziq. Chunki men bu hayotda fidbek (ya’ni, taskari aloqa) olmayman», — dedi u.
«O‘zingizni ko‘proq kim deb his qilasiz?» — deya berilgan aniqlashtiruvchi savolga Mirziyoyeva ochiq javob berdi:
«Men — xizmatkorman. Men, eng avvalo, o‘z otamga xizmat qilaman. Chunki u mening hayotimda juda katta shaxs».
Uning aytishicha, otasi uni tug‘ilganidan beri mustaqil shaxs sifatida tarbiyalagan va shunga yarasha munosabatda bo‘lgan. Bu, ehtimol, uning nafaqat ota urug‘i tomonidan, ona urug‘i tomonidan ham oilada to‘ng‘ich va orziqib kutilgan farzand bo‘lgani bilan bog‘liq. Shu bois, unga bola sifatida emas, balki shaxs sifatida munosabatda bo‘lishgan.
Saida Mirziyoyeva ta’kidlashicha, uning xarakteri shakllanishida asosiy rolni otasi o‘ynagan — u unga javobgarlikni, qarorlarda qat’iylikni o‘rgatgan. Oilada iyerarxiya va kattalarga hurmat qoidasi singdirilgan — unga «siz» deb murojaat qilishgan. Hatto undan bir yarim yosh kichik singlisi Shahnoza Mirziyoyeva ham uni doim sizlab kelgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ustuvor oilaviy qoidalar ifodasi bo‘lgan.
«Dadajonim meni shunday shakllantirgan: «Saida aytgan bo‘lsa — u aytgandek bo‘ladi», derdi. Hamma meni sizlardi. Mendan atigi bir yarim yosh kichik singlim ham sizlardi. Chunki shunday urf edi. Shunda men tushundimki, bolaligimizdan ota‑onam biz farzandlarda aynan shunday iyerarxiyani shakllantirishgan: kattaga hurmat va izzat ko‘rsatilishi kerak. Men hozir o‘z hayotimni shu xizmatga bag‘ishlaganman. Men faqat foydam tegishini xohlayman. Hatto farzandlarimni ham shu ruhda tarbiyalayapman», — dedi u.
«To‘qqiz yildan beri u kishi bilan ertayu kech birgaman»
Boshlovchining uning siyosiy maydonga «organik tarzda» kirib kelgani haqidagi gaplariga munosabat bildirgan Saida Mirziyoyeva, buning ortida kundalik va ko‘p yillik mehnat turganini ta’kidladi:
«Aslida, men to‘qqiz yildan beri u kishi bilan ertayu kecha birga yuraman. Mening o‘z hayotim yo‘q. Men kunimni Administratsiyada boshlayman va kun yakunlanganda uyga shoshaman. Ba’zan dadam bilan birga mashinada ketamiz. Ba’zan esa uyga ertaroq yugurib borib, bolalarni yig‘ib, bobojonini kutib olish uchun tayyorlayman»
Mustaqil qarorlar haqida
Prezident Administratsiyasi rahbari sifatidagi mustaqilligi haqidagi savolga javob bergan Saida Mirziyoyeva, qarorlarni muhokama qilish har doim otasi bilan munosabatlarining bir qismi bo‘lganini qayd etdi:
«Biz har doim bu masalalarni u kishi bilan muhokama qilganmiz, har doim yonma‑yon yurganmiz… U kishi insonlarni tarbiyalashni biladigan inson. Shaxsga nisbatan juda hurmat bilan munosabatda bo‘ladi va uning o‘sishi uchun hammasiga tayyor».
Uning ta’kidlashicha, u bu yillar davomida otasini «yangi tomondan tushunib borgan».
«Mana shu 10 yillik tajriba menga aql berdi, sabr‑toqatni o‘rgatdi. Men u kishidan juda ko‘p narsani o‘rgandim. Hatto bolalarni, nevaralarni tarbiyalashda ham», — dedi u.
Saida Mirziyoyeva prezidentda «insonni kamol toptirish» qobiliyati borligini alohida ta’kidladi:
«Birgina, kichkintoy o‘g‘lim Shavkatni olaylik, u bilan bobosi qanday muloqotda bo‘ladi? Men qarab turib hayron qolaman! Mana, shaxsni tarbiyalashni biladigan inson! U meni ham, go‘yoki shunchaki bir qizaloqni — tarbiyaladi. Bizdagi patriarxal jamiyatda muhim ayol bo‘lish juda qiyin».
Saida Mirziyoyevning qayd etishicha, aynan otasi unga o‘sish uchun zarur muhitni yaratib bergan — uni ilk kunlardanyoq o‘z yoniga olgan, hech qanday rasmiy maqom va ochiq ommaviy faoliyatsiz, doimo yonida ushlagan. Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, u kishi bilan birga bo‘lib, tinglagan, xulosa chiqargan, yordam bergan va qarorlarni muhokama qilishda ishtirok etgan.
«U kishi tinglashni biladi va hech qachon «yo‘q, sen nohaqsan», demaydi. Hech qachon. Ana shu ajoyib fazilat, men shunga o‘rganishga harakat qilyapman», — deya so‘zini yakunladi Saida Mirziyoyeva.
Jamoa va boshqaruv uslubi haqida
Saida Mirziyoyeva o‘z jamoasi haqida alohida to‘xtalib, uni shaxsan o‘zi tanlashiga urg‘u berdi:
«Bu jamoani men o‘zim tanlayman. Har bir inson hayotimda katta o‘rin tutadi. U shunchaki ishga yollangan kishi emas — bu men yaxshi biladigan odam: u qanday yashaydi, nimalar bilan qiziqadi, qanday orzu-umidlari bor».
Uning ta’kidlashicha, xodimlar hayotida ishtirok etish va ularni eng avvalo inson sifatida qabul qilish uning uchun juda muhim.
Saida Mirziyoyeva 1984 yil 4-noyabrda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti va Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetini tamomlagan. Iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega.
2019–2020 yillarda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Keyinchalik — Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari bo‘lgan. 2023 yil avgustidan boshlab Prezidentning birinchi yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan. 2025 yil iyun oyida esa davlat rahbarining farmoniga binoan Prezident Administratsiyasi rahbari etib tayinlangan.





