add

«Menga ochko olish uchun ishlaganlaringiz kerak emas» — Samarqand hokimi

04.09.2025 | 11:1517814

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev tuman rahbarlariga dam olish kunlari ishlamaslik va xodimlarni ishga chaqirmaslikni qat’iy tayinladi.

«Menga ochko olish uchun ishlaganlaringiz kerak emas» — Samarqand hokimi
Samarqand viloyati hokimi v.b. Adiz Boboyev rahbarlardan ish faqat belgilangan kunlarda samarali bajarilishi, dam olish kunlari esa xodimlar oilasiga vaqt ajratishi lozimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bozor kuni yoki yakshanbada rahbarlar faqat ishlayotgan ko‘rinish uchun odamlarni chaqirib, «ochko olish»ga urinishdan voz kechishi shart. Hokim fikricha, oila, qarindoshlar bilan vaqt o‘tkazish ham ish samaradorligi uchun muhim omil hisoblanadi.
«O‘sha belgilangan muddatda, olti kunmi, besh kunmi, o‘shanda halol, pokiza bo‘lib, fidoyi bo‘lib, toza ishlanglar, yetadi o‘shaning o‘zi, tamom. Bozor kuni uylaringizga borib, bir onalaringizdan xabar olinglar, farzandlaringizga vaqt ajratinglar, ayollaringizga vaqt ajratinglar, bir opa-singillaringiz bordir, amma-xolalaringiz bordir, qarindoshlaringiz bordir. Shulardan bir xabar olinglar. Borib ularni bir-yarim soat eshitinglar. Borib, eshitib, ular bilan bir gaplashib, o‘tirsangizlar bor-ku, o‘shanda ishlaringizda ham baraka bo‘ladi», — dedi Adiz Boboyev
U shuningdek, tuman hokimlari va viloyat hokimligi rahbarlari dam olish kunlari hech bir xodimni ishga chaqirmasligi kerakligini alohida uqtirdi. Ma’lumot uchun, avvalroq Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ham ortiqcha ish kunlari asabga salbiy ta’sir qilishini ta’kidlab, har yili ta’tilga chiqishini aytgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev esa bir necha bor davlat xizmatchilariga dam olish kunlarini oila davrasida o‘tkazish zarurligini eslatgan. U shuningdek, keraksiz yig‘ilishlar va ortiqcha hisobotlarni qisqartirish, ish vaqtidan tashqari mehnatni cheklash haqida topshiriqlar bergan.

Teglar

Mavzuga oid