
Messenjerlarda qo‘ng‘iroq qilish xavfli bo‘lib qoldimi? Rossiyada yangi cheklovlar
13.08.2025 | 20:2038244
Rossiyada Telegram va WhatsApp messenjerlarida qo‘ng‘iroqlarni qisman cheklash choralari ko‘rilmoqda. Mamlakat Eron va Turkmaniston tajribasini takrorlamoqda: o‘z resurslariga ruxsat, iqtisod uchun muhim bo‘lgan ayrim xorijiy xizmatlarga cheklangan kirish, qolganini esa to‘sish.

«Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyatchilarga qarshi kurashish maqsadida ushbu xorijiy messenjerlar orqali amalga oshiriladigan qo‘ng‘iroqlarni qisman cheklash choralari ko‘rilmoqda. Ularning boshqa funksiyalariga hech qanday cheklov joriy etilmaydi», - deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, huquq-tartibot organlari va fuqarolarning ko‘plab murojaatlaridan ma’lum bo‘lishicha, Telegram va WhatsApp chet el messenjerlari Rossiya fuqarolarini aldash va ulardan pul undirish, shuningdek, ularni qo‘poruvchilik hamda terrorchilik faoliyatiga jalb etish uchun qo‘llaniladigan asosiy ovozli xizmatlarga aylanib qolgan.
RKN qo‘shimcha qilishicha, «Messenjer egalari tomonidan qarshi choralar ko‘rish to‘g‘risida bir necha bor yuborilgan talablar e’tiborsiz qoldirildi», - deyiladi rasmiy axborotda.
Roskomnadzor, shuningdek, 2024 yildan boshlab Rossiyada «Antifrod» tizimi ishga tushganini eslatdi. Bu tizim Rossiya aloqa operatorlarining an’anaviy telefon tarmoqlarida raqamni o‘zgartirish orqali qilingan qo‘ng‘iroqlarni blokirovka qilishni ta’minlaydi.
«Natijada, bunday qo‘ng‘iroqlarning deyarli barchasi rossiyalik foydalanuvchilar va jamiyat xavfsizligini ta’minlashni rad etayotgan xorijiy messenjerlar orqali amalga oshirilmoqda», - deya ta’kidlandi xabarda.
«Roskomsvoboda» hammuassisi Sarkis Darbinyanning aytishicha, xorijiy messenjerlardan foydalanish vaqt o‘tishi bilan umuman imkonsiz bo‘lishi mumkin. Davlat hozirda faol targ‘ib qilayotgan MAX platformasini asosiy aloqa vositasi sifatida ko‘rmoqda. Shu bilan birga, Rossiya «oq ro‘yxat» tizimini joriy etishda Eron va Turkmaniston tajribasini takrorlamoqda: o‘z resurslariga ruxsat, iqtisod uchun muhim bo‘lgan ayrim xorijiy xizmatlarga cheklangan kirish, qolganini esa to‘sish.
2024 yilda Rossiya internet erkinligi bo‘yicha jahon reytingida oxiridan to‘rtinchi o‘rinni egallagan, undan yomoni faqat Eron, Xitoy va Myanmada qayd etilgan.





