add

Meta atom energetikasi bo‘yicha 3 ta kompaniya bilan kelishuvga erishdi

Kecha 13:452 daqiqa

Kompaniya sun’iy intellekt va data-markazlar sabab o‘sib borayotgan elektr talabini qoplash uchun uzoq muddatli atom energiyasini tanladi.

Meta atom energetikasi bo‘yicha 3 ta kompaniya bilan kelishuvga erishdi

Meta kompaniyasi AQSHda atom energetikasi sohasida faoliyat yuritayotgan uchta kompaniya bilan uzoq muddatli elektr energiyasi xaridi bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. «Reuters» agentligiga ko‘ra, kompaniya 20 yillik shartnomalar asosida Vistra kompaniyasiga tegishli atom elektr stansiyalaridan quvvat sotib oladi hamda yangi turdagi kichik modulli reaktorlar loyihalarida ishtirok etadi.

Meta ma’lum qilishicha, kelishuv doirasida Ogayo shtatlarida joylashgan «Perry» va «Davis-Besse» atom stansiyalari, shuningdek, Pensilvaniyadagi «Beaver Valley» stansiyasidan elektr energiyasi xarid qilinadi. Bu shartnomalar ushbu atom ob’ektlarining ishlash muddatini uzaytirish va quvvatlarini kengaytirishni moliyalashtirishga xizmat qiladi. Ayrim reaktorlar 2036 yilgacha, «Beaver Valley»dagi reaktorlardan biri esa 2047 yilgacha litsenziyaga ega.

Kompaniya, shuningdek, kichik modulli reaktorlar ishlab chiqishni rejalashtirayotgan «Oklo» va «TerraPower» bilan hamkorlik qiladi. «TerraPower» kompaniyasi milliarder Bill Geyts tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Kichik modulli reaktorlar tarafdorlari ularni zavodlarda tayyorlash mumkinligi sababli kelajakda arzonroq bo‘lishini ta’kidlaydi, tanqidchilar esa hozircha ular iqtisodiy samaraga erisha olmasligini aytmoqda.

Meta’ning global siyosatlar bo‘yicha rahbari Joel Kaplanning ta’kidlashicha, ushbu kelishuvlar va o‘tgan yili «Constellation» bilan tuzilgan shartnoma Meta’ni AQSH tarixidagi eng yirik korporativ atom energiyasi xaridorlaridan biriga aylantiradi. Rejalarga ko‘ra, 2035 yilga borib kompaniyaga jami 6,6 GW atom quvvati yetkazib berilishi mumkin.

«TerraPower» bilan kelishuv Meta’ga 2032 yildan boshlab 690 megavatt quvvat ishlab chiqaradigan ikki reaktor loyihasini qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi. Shuningdek, 2035 yilgacha yana oltita reaktordan energiya olish huquqi ham ko‘zda tutilgan. «Oklo» bilan hamkorlik esa Ogayoda 2030 yilga qadar 1,2 gigavatt quvvat yaratishni maqsad qilgan.

Teglar

Mavzuga oid