
Meta Facebook’da original bo‘lmagan kontentga qarshi cheklovlarni kuchaytirmoqda
15.07.2025 | 17:3021813
Boshqalarning matni va videosini ko‘p joylaydigan akkauntlar monetizatsiyadan mahrum etiladi.
Meta kompaniyasi Facebook ijtimoiy tarmog‘ida original bo‘lmagan kontentni tarqatayotgan akkauntlarga qarshi qo‘shimcha choralar ko‘rilishini e’lon qildi. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berdi.
Xususan, boshqalarning matnlari, suratlari va videolarini tizimli ravishda qayta joylashtiruvchi foydalanuvchilar cheklovlarga duchor bo‘ladi.
Bu cheklovlar joriy yil boshidan beri amalga oshirilayotgan keng qamrovli nazorat choralarining davomidir. Meta o‘zini kontent yaratuvchisi sifatida ko‘rsatgan 10 millionga yaqin akkauntni o‘chirgan. Shuningdek, 500 mingta spam tarqatuvchi akkauntga nisbatan chora ko‘rilgan.
Yangi siyosatga ko‘ra, boshqalarning kontentidan suiiste’mol qiluvchi akkauntlar Facebook monetizatsiya dasturlaridan vaqtincha mahrum qilinadi. Ularning postlari targ‘ibot hajmi keskin qisqaradi. Shuningdek, izohlar reytingi pasaytiriladi va kontent tarqalish ko‘lami cheklanadi.
Bundan tashqari, Meta takroriy videolarga havolalarni avtomatik tarzda aniqlab, tomoshabinlarni asl kontentga yo‘naltiruvchi maxsus tizimni sinovdan o‘tkazmoqda. Bu tizim sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydi.
Kompaniya ta’kidlashicha, oddiy foydalanuvchilar — masalan, trenddagi kontentga izoh yozgan yoki bo‘lishganlar — jazoga tortilishmaydi. Cheklovlar faqat tizimli ravishda boshqalarning kontentini o‘zlashtiruvchi akkauntlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Mazkur choralar YouTube tomonidan ham shunga o‘xshash siyosat joriy etilganidan so‘ng e’lon qilindi. bugungi kunda sun’iy intellekt orqali yaratilayotgan video va tasvirlar ommalashib borayotgani originallik muammosini yanada dolzarb qilmoqda.





