
Microsoft ichki yozishmalarda «G‘azo» va «Falastin» so‘zlarini taqiqladi
23.05.2025 | 08:303682
Microsoft kompaniyasida xodimlar orasida Isroil bilan aloqalarga nisbatan norozilik kuchaygan bir paytda, ichki kommunikatsiyalarda «Falastin», «G‘azo» va «genotsid» so‘zlari bloklana boshladi. Bu haqda The Verge xabar berdi.

Xabar qilinishicha, ushbu so‘zlar bo‘lgan elektron maktublar Microsoft tomonidan xodimlarga bildirilmasdan filtrlanayotgani haqida «Azure for Apartheid» faollar guruhi ma’lum qilgan. Kompaniya bunday ayblovlarga javoban, G‘azodagi tinch aholiga zarar yetkazilmaganini ko‘rsatuvchi ichki tekshiruv o‘tkazilganini aytgan, biroq bu hisobot oshkor etilmasligini ma’lum qilgan.
Hozirga kelib, Microsoft’dagi bir qancha xodimlar Isroil bilan hamkorlikka qarshi chiqib, ishdan bo‘shashni afzal ko‘rmoqda. Bundan tashqari, kompaniyaning xavfsizlik sohasidagi davlat shartnomalariga munosabat bildirgan boshqa texnologik kompaniyalar ichida ham tanqidlar kuchaymoqda.
Ichki hujjatlarga ko‘ra, Microsoft 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumlardan so‘ng mudofaa xarajatlari oshib borishini oldindan bashorat qilib, Isroil armiyasiga xizmat ko‘rsatishga kirishgan. Ko‘p o‘tmay, Isroil kompaniyaning 500 ta yirik mijozlari safiga kirgan.





