
Microsoft mablag‘ tikkan «neyrotarmoq»ni yuzlab hindlar yuritgani ma’lum bo‘ldi
31.05.2025 | 16:0029593
Microsoft mablag‘ tikib, qo‘llab-quvvatlagan Natasha AI neyrotarmog‘i aslida haqiqiy sun’iy intellekt emas, balki yuzlab hindistonlik mutaxassislar mehnatiga asoslangan startap bo‘lib chiqdi.

Londonda joylashgan texnologik startap Builder.ai o‘zini dastur yaratishni avtomatlashtiruvchi innovatsion kompaniya sifatida tanitgan edi. Uning Natasha AI deb nomlangan «neyrotarmog‘i» orqali kodsiz ilovalar yaratish taklifi katta shov-shuvga sabab bo‘lgan. Biroq, The Wall Street Journal tahririyati aniqlashicha, kompaniya aslida SI emas, balki 700 ga yaqin hindistonlik dasturchilar mehnatiga tayangan.
Shu holatga qaramay, investorlar o‘z mablag‘larini tikkishda davom etdilar. Builder.ai umumiy hisobda 440 mln dollardan ortiq investitsiya jalb qildi, investorlar orasida Microsoft va Qatar Suveren investitsiya jamg‘armasi ham bor edi. Ushbu sarmoyalar orqali kompaniya 1 mlrd dollardan ortiq qiymatga ega startap maqomiga chiqdi.
2025 yil fevralda kompaniyada rahbariyat o‘zgardi. Yangi jamoa moliyaviy muammolarni sun’iy intellektni soxta ko‘rsatish bilan emas, balki oldingi menejmentning moliyani samarasiz boshqarishi bilan izohladi.
May oyida esa Investor Viola Credit kompaniyaning hisoblariga 37 mln dollarlik taqiq qo‘ydi. Bu esa Builder.aining Buyuk Britaniya, AQSH, BAA, Singapur va Hindistondagi faoliyatining to‘xtashiga olib keldi. Bundan so‘ng kompaniya bankrotlikdan himoya so‘rab murojaat qilgan va xodimlarni qisqartirishga majbur bo‘lgan.
Natasha AI nomi ortida odamlar mehnatiga asoslangan biznes modeli yashiringani ayon bo‘lgan holda, butun faoliyat soxta sun’iy intellekt g‘oyasiga asoslangani inkor etilmaydi. Bu holat SI sohasidagi sarmoya va ishonch muammolarini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.





