
Microsoft yana yuzlab xodimlarni ishdan bo‘shatdi
03.06.2025 | 16:0044143
Microsoft korporatsiyasi 300 dan ortiq xodimni qisqartirdi. Bu so‘nggi oylardagi eng yirik qisqartirishlardan biri bo‘lib, kompaniya SI sohasiga milliardlab sarmoya kiritayotgan bir paytda sodir bo‘ldi.

Bloomberg nashrining xabar berishicha, Microsoft korporatsiyasi 3 iyun kuni Vashington shtatidagi yana 300 nafar xodimni ishdan bo‘shatgani haqida rasmiy ma’lumot berdi. Bu qisqartirish kompaniya tomonidan o‘tgan oyda amalga oshirilgan 6000 ta ish o‘rni qisqarishiga qo‘shimcha hisoblanadi.
Kompaniya vakilining ta’kidlashicha, mazkur qisqartirishlar Microsoft’ning o‘z pozitsiyasini dinamik bozorda mustahkamlashga qaratilgan tashkiliy o‘zgarishlar doirasida amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda qaysi bo‘limlar jabr ko‘rgani haqida aniq ma’lumot berilmadi.
2024 yil iyun holatiga ko‘ra, Microsoft 228 mingga yaqin shtatli xodimga ega bo‘lib, ularning 55 foizi AQSHda faoliyat yuritadi. Avvalgi qisqartirishlar asosan muhandislar va dasturchilarga taalluqli bo‘lgan edi.
SI sohasidagi global o‘sish texnologik bozordagi ish o‘rinlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Microsoft va Meta kabi yirik IT-kompaniyalar SI asosida kodlash vositalari samaradorligini oshirayotganini ma’lum qilgan.
Salesforce kompaniyasi esa yaqinda o‘z xodimlar sonini SI vositalarini joriy etish orqali qisqartirganini ma’lum qildi. Microsoft ham yangi avlod SI platformasini ishlab chiqish ustida ish olib boryapti. Ushbu loyihani Meta’ning sobiq muhandislik direktori Jey Parik boshqarmoqda.





