
Migrantlar manfaatiga 6 mln dollar undirib berildi
23.09.2025 | 19:201652
2020–2024 yillar davomida mehnat huquqlari buzilgan qariyb 14 ming o‘zbekistonlik migrant foydasiga 6 mln dollardan ortiq mablag‘ undirib berildi.

Markaziy Osiyo davlatlarining III Parlamentlararo forumida migratsiya jarayonlari, mehnat oqimlari, iqtisodiy barqarorlik va fuqarolar huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi. Unda Senat a’zolari O‘zbekistonda qabul qilingan 20 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlar, shuningdek, Migratsiya masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, Migratsiya jamg‘armasi va Migratsiya agentligi faoliyati haqida axborot berdi.
Shuningdek, migrantlar uchun kadrlar tayyorlash markazlari tashkil etilgani, fuqarolarga huquqiy va moliyaviy ko‘mak berish choralari kengaygani ta’kidlandi. Chet elda ishga joylashish geografiyasi yil sayin ortib borayotgani qayd etildi.
Ishtirokchilar migratsiya qonunchiligini uyg‘unlashtirish, xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilish, qo‘shma dasturlar ishlab chiqish hamda xavfsiz mehnat migratsiyasi mexanizmlarini yaratish borasida tashabbuslar bildirdilar.
Forum doirasida investitsiya muhiti, iqtisodiyot shaffofligi va raqamli suverenitet masalalari bo‘yicha ham alohida sessiyalar o‘tkazildi. O‘zbekiston deputatlari bu jarayonlarda milliy qonunchilik tajribasi va ustuvor yo‘nalishlar bilan o‘rtoqlashdi.





