add

Migrantlar uchun sog‘liq va hayotni sug‘urta qilish tizimi joriy qilinadi

O‘zbekistonda xorijda vaqtincha ishlayotgan fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini ixtiyoriy sug‘urta qilish tizimi joriy etilishi mumkin.

Migrantlar uchun sog‘liq va hayotni sug‘urta qilish tizimi joriy qilinadi

Hukumatning «Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va boshqa tavakkalchiliklarni sug‘urta qilish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Hujjat Migratsiya agentligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, uning maqsadi — mehnat migrantlarini salomatlik va hayotga oid xavf-xatarlardan muhofaza qilishdir.

Loyihada sug‘urta kompaniyalariga xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar uchun imtiyozli tariflar asosida sug‘urta xizmatlarini ishlab chiqish tavsiya etilgan. Sug‘urta shartnomasiga ko‘ra, migrant ishga joylasha olmagan, kasallangan yoki chet elda qiyin ahvolga tushgan hollarda to‘lovlar amalga oshiriladi.

Jumladan, sug‘urta qamroviga patent yoki ishlash ruxsatnomasini olishdagi kechikishlar, tibbiy yordam xarajatlari, advokat yordami uchun to‘lovlar, og‘ir bemorlarni Vatanga qaytarish xarajatlari va fuqaroning fojiali holatda vafot etishida repatriatsiya sarflari kiradi. Shuningdek, taraflar kelishuviga ko‘ra boshqa tavakkalchiliklar ham kiritilishi mumkin.

Sug‘urta javobgarligi fuqaro O‘zbekiston davlat chegarasini kesib o‘tgan paytdan boshlab amal qiladi. Agar mehnatchi havo transporti orqali yo‘lga chiqsa, sug‘urta himoyasi u samolyotga chiqqan lahzadan kuchga kiradi.

Mehnat migrantlari bilan sug‘urta shartnomasi ularning ish faoliyati muddatiga tuziladi va sug‘urta polisi orqali rasmiylashtiriladi. Hisob-kitob bazasi bo‘yicha sug‘urta summasining minimal miqdori 250 baravar bazaviy hisoblash miqdori etib belgilangan.

Ushbu qaror loyihasi yuzasidan taklif va izohlar 2025 yil 17-noyabrga qadar regulation.adliya.uz portali orqali qabul qilinadi.

Teglar

Mavzuga oid

Migrantlar uchun sog‘liq va hayotni sug‘urta qilish tizimi joriy qilinadi | Vaqt.uz