
Mikrokredit va avtokredit foizlari hali pasaygani yo‘q
15.07.2025 | 18:0039723
O‘tgan ikki haftada O‘zbekistonda mikrokredit va avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari o‘sishda davom etmoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim banklarda foizlar yanada qimmatlashgan va bu bozorda raqobat yoki tartibga solish ta’siri hozircha sezilarli emasligini ko‘rsatmoqda.
Markaziy bankning mikrokredit va avtokreditlar bo‘yicha banklar kesimidagi o‘rtacha foiz stavkalarini e’lon qilish amaliyoti ikkinchi haftaning yakunlariga yetib keldi. Biroq bu davr mobaynida eng yuqori foizlarning pasayishi yoki stavkalarning o‘rtacha darajaga yaqinlashishi holati kuzatilmadi.
Aksincha, oxirgi ikki haftada mikrokreditlar bo‘yicha eng yuqori foiz stavka 40,0 foizdan 40,8 foizgacha ko‘tarilgan. Avtokreditlar bo‘yicha esa bu ko‘rsatkich 29,0 foizdan 29,1 foizgacha o‘sgan. O‘rtacha stavka mikrokreditlarda 34,9 foizdan 35,4 foizga, avtokreditlarda esa 24,1 foizdan 24,3 foizgacha oshgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, bu holat iste’molchilarga bozordagi sharoitni chuqur tahlil qilish, turli kredit mahsulotlari o‘rtasida farqni anglash zarurligini ko‘rsatadi. Masalan, «past foizli» deb e’lon qilinadigan, lekin qattiq garov yoki ish haqi loyihasi shartlariga bog‘langan mikrokreditlar garovsiz kreditlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslab bo‘lmaydi.
Avtokreditlar bo‘yicha ham shunday: birlamchi bozordagi va avtosalonlarda beriladigan, foizining bir qismi ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi tomonidan subsidiyalanadigan kreditlar ikkilamchi bozordagi, komissionerlar ishtirokidagi qarz turlari bilan farq qiladi.
Shu bois, iste’molchilar kredit shartlarini puxta o‘rganish, to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmasdan qaror qabul qilmasliklari zarur.





