
Mikroqarzlarga 25 foizlik cheklov 2029 yildan joriy etiladi
12.06.2025 | 13:1510433
Markaziy bank 2029 yildan boshlab mikroqarzlarga 25 foizlik foiz stavkasi chegarasi joriy etishini ma’lum qildi. Bu yangilik Toshkent investitsiya forumi doirasida bo‘lib o‘tgan TBC Bank Group’ning panel sessiyasida e’lon qilindi.
TBC Bank Group rahbarlaridan biri Oliver Xyuz ushbu qaror yuzasidan fikr bildirib, O‘zbekiston bozori tartibga solish darajasi bilan ajralib turayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda moliyaviy bozor nisbatan yosh bo‘lishiga qaramasdan, nazorat va qoidalar juda faol amalga oshirilmoqda.
Xyuz aytishicha, Markaziy bankning mazkur cheklovi bir necha yil davomida bosqichma-bosqich joriy etiladi va bu mikroqarzlar segmentiga bosimsiz moslashish imkonini beradi. Shuningdek, u avtokreditlarga nisbatan 25 foizlik cheklov allaqachon amalda ekanini, boshqa mahsulotlar esa hozircha cheklovlarsiz qolishini qo‘shimcha qildi.
TBC Bank o‘zining kredit portfelini yaqin 3-4 yil ichida ushbu yangi talablarga muvofiqlashtirish niyatida ekanini ma’lum qildi. Shu bilan birga, bank raqamli xizmatlar sohasini rivojlantirishni rejalashtirmoqda va mahalliy, yosh va iste’dodli mutaxassislarga talab yuqori ekanini qayd etdi.
Xyuz kelgusi yillarda TBC Digital loyihasi uchun ko‘proq muhandislar, dizaynerlar, ma’lumot tahlilchilari va boshqa mutaxassislar jalb etilishini ma’lum qildi.





