
Milandagi Olimpiadaga qarshi namoyishlar keskin to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi
Italiya bosh vaziri Jorjia Meloni Olimpiadaga qarshi chiquvchilarni «Italiya va italiyaliklarning dushmani» deb atadi.

Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni Milanda Qishki Olimpiada o‘yinlari davomida sodir bo‘lgan to‘qnashuvlar va infratuzilmaga qilingan hujumlarni keskin qoraladi. U Olimpiadaga qarshi chiquvchilarni «Italiya va italiyaliklarning dushmani» deb atab, bu kabi harakatlar mamlakat nufuziga jiddiy zarar yetkazayotganini ta’kidladi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Hodisalar Milan va Kortina-d’Ampetsso mezbonlik qilayotgan Qishki Olimpiadaning birinchi to‘liq musobaqa kunida ro‘y berdi. Milanda o‘tkazilgan ommaviy namoyish paytida norozilarning bir guruhi politsiya bilan to‘qnashib, feyerverk, tutunli bombalar va shishalar uloqtirgan. Namoyishda taxminan 10 ming nafar ishtirokchi uy-joy narxlarining oshishi va Olimpiada bilan bog‘liq ekologik muammolarga e’tiroz bildirgan.
Italiya Transport vazirligi esa Bolonya yaqinida milliy temiryo‘l tarmog‘ida kabellar kesilishi bilan bog‘liq holat yuzasidan terrorizm gumoni bilan tergov boshlanganini ma’lum qildi.
Mazkur sabotaj natijasida yuqori tezlikdagi, intersiti va mintaqaviy poyezdlar harakati ikki yarim soatgacha kechiktirildi. Vazirlik aybdorlardan millionlab yevro miqdorida moddiy zarar undirilishi mumkinligini bildirdi.
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi ham hodisalarga munosabat bildirib, zo‘ravonlik Olimpiya harakati tamoyillariga mutlaqo zid ekanini ta’kidladi. Qo‘mita vakili Mark Adams tinch namoyish qonuniy ekanini, ammo har qanday zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Olimpiada dunyoga birlik va tinchlik g‘oyasini yetkazishi lozim.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, temiryo‘l tarmog‘ida uchta alohida hodisa qayd etilgan. Hozircha hech bir guruh ushbu sabotaj uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan. Bu voqealar 2024 yil Parij yozgi Olimpiadasi ochilish kunida Fransiya tezyurar poyezdlariga qilingan hujumlarni eslatdi.
Italiya hukumati Olimpiada davomida xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirishini ma’lum qildi. Rasmiylar bunday harakatlar millionlab fuqarolarga noqulaylik tug‘dirishini va davlat manfaatlariga qarshi ekanini ta’kidlamoqda.





