add

Ming oilasining 16 a’zosi o‘limga hukm qilindi

05.10.2025 | 10:321448

Yana 11 nafariga umrbod qamoq, qolgan 12 nafariga esa 5 yildan 24 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilandi.

Ming oilasining 16 a’zosi o‘limga hukm qilindi
Xitoy Xalq Respublikasi sudi Myanmada firibgarlik markazlarini boshqargan mashhur oilaning 11 nafar a’zosini o‘lim jazosiga, 5 nafarini ikki yillik kechiktirilgan o‘lim jazosiga hukm qildi. BBC ga ko‘ra, Ming oilasining jami 39 nafar a’zosi jinoiy faoliyat olib borishda aybdor deb topilgan. Ming oilasi Myanmaning Xitoy chegarasiga yaqin joylashgan Laukkaing shaharchasini boshqargan to‘rtta urug‘dan biriga mansub bo‘lib, ular bu tinch hududni qimor o‘yinlari, giyohvand moddalar va firibgarlik markazlariga aylantirishgan. Oxir-oqibat, Myanma hukumati bu masalaga jiddiy yondashib, 2023 yilda mazkur oilalarning ko‘plab a’zolarini hibsga olgan va ularni Xitoy huquq-tartibot idoralariga topshirgan. Xitoy davlat telekanali CCTV xabar berishicha, 2025 yil 29 sentyabr kuni sharqiy Venchjou shahrida Ming oilasining jami 39 a’zosiga hukm o‘qilgan. O‘lim jazosiga hukm qilingan 11 nafar a’zodan tashqari, yana besh kishiga ikki yillik muhlat bilan o‘lim jazosi berilgan; 11 kishi umrbod qamoqqa hukm qilingan; qolganlari esa besh yildan 24 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan. Sudning aniqlashicha, 2015 yildan beri Ming oilasi va boshqa jinoiy guruhlar telekommunikatsiya firibgarligi, noqonuniy qimor o‘yinlari, giyohvand moddalar savdosi va fohishabozlik kabi jinoyatlar bilan shug‘ullanib kelgan. Sud ma’lumotlariga ko‘ra, ularning qimor va firibgarlik faoliyati 10 milliard yuandan (1,4 milliard AQSH dollari yoki 1 milliard funt sterling) ortiq daromad keltirgan. Boshqa manbalarga ko‘ra, to‘rtta oilaning har birining qimorxonalari har yili bir necha milliard dollarlik mablag‘ni aylantirgani taxmin qilinmoqda. Sud, shuningdek, Ming oilasi va boshqa jinoiy guruhlar bir nechta firibgarlik markazi xodimlarining o‘limiga javobgar ekanini aniqladi. Jumladan, bir voqeada ishchilarning Xitoyga qaytishiga to‘sqinlik qilish maqsadida ularni otib o‘ldirishgan. Dastlab Xitoy va boshqa ko‘plab qo‘shni mamlakatlarda taqiqlangan qimor o‘yinlariga bo‘lgan Xitoy talabidan foydalanish maqsadida yaratilgan Laukkaing kazinolari vaqt o‘tishi bilan pul yuvish, odam savdosi va ko‘plab firibgarlik markazlari uchun daromadli vositasiga aylangan. BMT bu hodisani «firib pandemiyasi» deb atagan — bu yerda 100 mingdan ziyod xorijliklar, asosan xitoyliklar, majburiy mehnat bilan shug‘ullantirilib, butun dunyo bo‘ylab qurbonlarni nishonga olgan murakkab onlayn firibgarlik operatsiyalarini o‘tkazishga majburlangan. Ming oilasi bir paytlar Myanmaning Shan shtatidagi eng nufuzli oilalardan biri bo‘lib, Laukkaingda kamida 10 000 ishchini ushlab turgan firibgarlik markazlarini boshqargan. Ularning eng badnomi «Crouching Tiger Villa» deb atalgan majmua bo‘lib, u yerda ishchilar muntazam ravishda kaltaklanib, qiynoqlarga duchor etilgan. «Ikki yil oldin, isyonchi guruhlar ittifoqi hujum boshladi. Bu hujum natijasida Myanma harbiy kuchlari Shan shtatining katta qismidan chiqib ketishga majbur bo‘ldi va isyonchilar Laukkaing shahrini nazoratga oldi. Bu guruhlarga katta ta’sir o‘tkazadigan Xitoy mamlakati hujumga yo‘l ochib bergan, degan taxminlar mavjud edi», - deyiladi xabarda. Qayd etilishicha, oila boshlig‘i Min Syuyechang o‘z joniga qasd qilgan. Oilaning boshqa a’zolari esa Xitoy hokimiyatiga topshirilgan. Ularning ba’zilari o‘z qilmisha pushaymon bo‘lgan. Firibgarlik markazlarida ishlaydigan minglab odamlar ham Xitoy politsiyasiga topshirilgan. Xitoy bu qarorlar orqali o‘z chegarasidagi firibgarlik faoliyatiga qarshi shafqatsiz kurashishga qat’iy ekanligini ko‘rsatmoqda. Pekinning bosimi tufayli Tailand ham shu yil boshida Myanma bilan chegaradagi firibgarlik markazlariga qarshi choralar ko‘rishga majbur bo‘ldi. Shunga qaramay, bu biznes butunlay yo‘qolmagan — u hozir Kambodjada faol ravishda davom etmoqda. Myanmada ham hali keng tarqalgan.

Teglar

Mavzuga oid