Minobdagi maktabga AQSH raketalari bilan zarba berilgani aniqlangan — OAV

09.03.2026 | 16:153 daqiqa

Yangi tekshiruvlar Eronning Minob shahrida 175 kishi halok bo‘lgan maktab hududiga AQSHning Tomahawk raketa zarbasi berilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Minobdagi maktabga AQSH raketalari bilan zarba berilgani aniqlangan — OAV

Eronning «Mehr» axborot agentligi Minob shahridagi maktabga berilgan zarbaga oid yangi video dalillarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, maktab yaqinidagi dengiz bazasiga Tomahawk qanotli raketa kelib urilayotgani aks etgan. Hodisa oqibatida 175 kishi, jumladan ko‘plab bolalar halok bo‘lgani xabar qilingan.

«Bellingcat» tadqiqot guruhi avval bu videoni aniqlashtirib, uning joylashuvini tekshirgan. Keyinchalik «Nyew York Times» ham mustaqil tahlil o‘tkazib, videodagi obyektlarni sun’iy yo‘ldosh tasvirlari bilan taqqoslagan. Solishtirish natijalari video Minob shahridagi zarbalar joyida olinganini ko‘rsatgan.

Kadrlarda baza yaqinidagi qurilish maydoni, chang bosgan tuproq yo‘l va vayronalar aniq ko‘rinadi. Bu belgilar sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridagi manzaralar bilan mos kelgan.

Zarba va uning oqibatlari

Tahlillarga ko‘ra, videoda ko‘ringan raketa Islom inqilobi muhofizlari korpusiga qarashli dengiz bazasidagi tibbiy klinika deb ta’riflangan binoga urilgan. Zarba berilgan zahoti binodan kuchli tutun va vayronalar osmonga ko‘tarilgan.

Kamera burilganda esa baza yaqinida joylashgan boshlang‘ich maktab tomonida katta chang va tutun bulutlari ko‘tarilayotgani ko‘rinadi. Bu holat maktabga ham zarba berilganini anglatadi.

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahliliga ko‘ra, baza hududidagi yana bir necha bino ham aniq yo‘naltirilgan zarbalar bilan vayron qilingan. Biroq hujum qanday aniq amalga oshirilganini to‘liq tasdiqlash qiyin. Chunki mustaqil jurnalistlar hali voqea joyiga kirib bora olmagan.

«Nyew York Times» videoda ko‘ringan qurol Tomahawk qanotli raketa ekanini aniqlagan. Bu turdagi raketa hozircha faqat AQSH harbiylari tomonidan ishlatiladi. U Isroil yoki Eron armiyasida mavjud emas.

28-fevral kuni Eronga qarshi operatsiya boshlanganida AQSH dengiz floti kemalaridan bir nechta Tomahawk raketalari uchirilgani haqida ham rasmiy ma’lumotlar e’lon qilingan.

AQSH Mudofaa vazirligi Tomahawk raketalarini «uzoq masofali va yuqori aniqlikka ega» qurol sifatida ta’riflaydi. Bu raketa taxminan 1600 kilometr masofagacha uchishi mumkin. Ularning eng ko‘p qo‘llanadigan versiyalarida 136 kilogramm portlovchi modda bo‘ladi.

Qurol bo‘yicha ekspertlar ham videodagi raketa Tomahawk ekanini ta’kidlagan. AQSH armiyasining portlovchi qurilmalar bo‘yicha sobiq mutaxassisi Trevor Ball va xavfsizlik sohasi eksperti Kris Sob-Smit shunday xulosaga kelgan.

AQSH rasmiylarining bayonotlari

AQSH Qurolli kuchlari shtablari boshliqlari qo‘mitasi raisi general Dan Keyn ham operatsiya haqida ma’lumot bergan. U matbuot anjumanida Eron janubida, jumladan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi hududlarda zarbalar berilganini tasdiqlagan.

Generalning so‘zlariga ko‘ra, urushning dastlabki soatlarida AQSH dengiz floti kemalaridan Tomahawk raketalari uchirilgan. Bu zarbalar Eronning dengiz harbiy salohiyatini pasaytirishga qaratilgan bo‘lgan.

Ayblovlar va siyosiy bahslar

7-mart kuni prezident Donald Tramp jurnalistlar savollariga javob berib, maktabga berilgan zarba uchun Eronni aybladi. U bu haqda «men ko‘rgan ma’lumotlarga ko‘ra, buni eronliklar qilgan» degan.

Biroq Tramp bu da’volarini tasdiqlaydigan dalil keltirmagan. Pentagon rahbari Pit Hegset esa hozircha hodisa yuzasidan tekshiruv olib borilayotganini aytgan.

Oq uy matbuot kotibi Karolin Levit ham bu masalada yakuniy xulosa chiqarilmaganini ma’lum qilgan.

Tergov davom etmoqda

Reuters nashri manbalariga ko‘ra, AQSH harbiy tergovchilari ham hodisani o‘rganmoqda. Ayrim manbalar 28-fevral kuni Minobdagi maktabga berilgan zarba uchun katta ehtimol bilan AQSH kuchlari mas’ul bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Hozircha voqea yuzasidan rasmiy yakuniy xulosa e’lon qilinmagan. Biroq yangi videolar, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va ekspert tahlillari hodisaga oid savollarni yanada ko‘paytirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid