Minobdagi motam: dunyo bolalariga qarshi jinoyat kuni
28-fevral — bu kun endi taqvimlardagi oddiy sana emas. 28-fevral – endi bolalikka qarshi yozilgan va tarixda abadiy qoladigan hukm kuni.
Bu kun shuningdek, o‘zini siyosatchi ataydigan qatlam kishilarining 165 norasidani o‘z manfaatlari yo‘lida bombalagan tarixdagi eng qora kunlardan biri ham. Sababi, ayni shu kuni AQSH va Isroilning Eronga qaratilgan hujumlari mamlakat janubidagi Hurmuzgon provinsiyasining Minob okrugidagi qizlar maktabini vayronaga aylantirgan edi. Hodisa oqibatida 7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan, 165 nafardan ortiq bola halok bo‘ldi. Ming afsus, bir necha daqiqa ichida ular geosiyosat deya ataladigan shafqatsiz hisob-kitobning qurboniga aylanishdi.
Kecha, 3-mart kuni ana shu norasidalar jasadi o‘zlari uchun qazilgan 165 qabrga dafn etildi. Ular bilan birga shuningdek, fojia kunida maktabda bo‘lgan o‘qituvchilar ham dafn etilgan.
Qora kun
Fojiali hodisa 28-fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga qarshi boshlagan harbiy hujumning birinchi kunida sodir bo‘ldi. Bugun bu hodisani Tehronga qarshi olib borilayotgan urush davomidagi eng qonli voqealardan biri sifatida baholashmoqda.
Portlashdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar va fotosuratlarda ikki qavatli maktab binosining kamida yarmi vayron bo‘lgani ko‘ringan. Qizil Yarim oy qutqaruvchilari va halok bo‘lganlarning oilalari vayronalar orasidan tirik qolganlar yoki qurbonlarni qidirgan. Xarobalar orasida qon va kul bilan qoplangan darsliklar hamda maktab sumkalari sochilib yotgani tasvirlarda aks etgan.
Ayrim videolarda qutqaruvchilar vayronalar orasidan uzilgan qo‘lni topib olgani ko‘ringan. Hodisa joyida qurbonlarning jasadlari qora qoplarga joylashtirilgan. Atrofda ko‘plab odamlar, tez yordam mashinalari va qutqaruvchilar to‘plangani aks etgan.
Eron Qizil Yarim oy jamiyati rahbari Pirhuseyn Kolivand bu hodisani «beqiyos fojea» deb atadi. «Hatto G‘azoda ham bir vaqtning o‘zida shunchalik ko‘p o‘quvchi halok bo‘lgan holat kuzatilmagan», — deydi u.
BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti UNESCO o‘z bayonotida maktabga berilgan hujumlarni qoralab: «Ta’lim uchun ajratilgan joyda o‘quvchilarni o‘ldirish maktablarni hujumlardan himoya qilish bo‘yicha xalqaro gumanitar huquqning jiddiy buzilishi hisoblanadi», — dedi.
Xalqaro gumanitar huquqqa ko‘ra, maktab, shifoxona yoki boshqa fuqarolik obektlariga qasddan hujum qilish harbiy jinoyat hisoblanadi. Hatto maktablar harbiy maqsadlarda ishlatilgan taqdirda ham, qurolli tomonlar tinch aholiga yetkaziladigan zararni kamaytirish yoki oldini olish choralarini ko‘rishi shart.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi maktab o‘quvchilari uchun qazilgan qabrlar fotosuratlarini e’lon qilib, ularning o‘limida AQSH va Isroilni aybladi. «Bular AQSH-Isroil tomonidan boshlang‘ich maktabning bombardimon qilinishi oqibatida halok bo‘lgan 160 dan ortiq begunoh qizlar uchun qazilgan qabrlardir. Ularning jasadlari parcha-parcha bo‘lib ketdi», — deb yozdi.
Isroil harbiylari esa mazkur hududda AQSH yoki Isroil tomonidan qandaydir zarba berilgani haqida ma’lumotga ega emasligini bildirgan. Isroil avval ham G‘azo urushi davomida tinch aholiga qilingan bir qator hujumlarni rad etgan, keyinchalik dalillar paydo bo‘lganidan so‘ng ba’zilarini «tasodifiy» deb atagan holatlar kuzatilgan, deb yozmoqda. Al Jazeera nashri.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi esa «davom etayotgan harbiy amaliyotlar natijasida tinch aholiga zarar yetkazilgani» haqidagi OAV xabarlarini «tekshirayotganini» ma’lum qilgan.
Eron davlat telekanallarining dafn marosimidan tarqatgan lavhalarida Minobdagi maydonga minglab odamlar to‘plangani ko‘ringan. Erkaklar Islom Respublikasi bayrog‘ini ko‘tarib turgan, ayollar esa qora chadorlarda marosimda ishtirok etgan.
Sahnada chiqish qilgan, o‘zini halok bo‘lgan Atena ismli qizning onasi deb tanishtirgan ayol qurbonlar portretlari tushirilgan plakatni ko‘tarib, uni «Amerika jinoyatlarining hujjati» deb atadi.
Marosim davomida yig‘ilganlar AQSH va Isroil siyosatiga qarshi shiorlar aytgan va «Taslim bo‘lmaymiz» deya baqirgan.
The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, maktab Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga tegishli harbiy-dengiz bazasi yonida joylashgan. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari 2013 yilda maktab binosi baza hududiga kirganini ko‘rsatgan. Ammo 2016 yilga kelib, u devor bilan ajratilgan va baza bilan aloqasi uzilgan.
Guvohlar videolarida baza hududidagi ikki binodan qora tutun ko‘tarilayotgani ham aks etgan. Bu esa AQSH va Isroil tomonidan amalga oshirilgan zarbalar aynan bazaga qaratilganини ko‘rsatadi.
Eron OAV ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunga qadar amalga oshirilgan hujumlar natijasida 700 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, yana minglab inson жароҳатланган.
Xulosa
Odatda bu standartdagi maqolalar qandaydir umumlashgan xulosa bilan tugatiladi. Lekin hayronman, bu maqolaga qanday xulosa qilish mumkin? Minobda qazilgan 165 kichiq qabr va 165 norasidaning qoniga belangan turli o‘quv qurollari hamma narsani aytib turibdi axir.
Bilib qo‘ying, kecha Minobda yerga qo‘yilgan bolalar — faqat Eron bolalari emasdi. Ular bizniki, hammamizniki ham edi. Chunki bolalikning millati bo‘lmaydi. Demak, 28-fevral — dunyo bolalariga qarshi jinoyat kuni ham.
Teglar






