
Mirziyoyev Aliyev bilan Qorabog‘dagi ot tomoshasiga bordi
03.07.2025 | 22:5021972
Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 17-sammiti doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev hamrohligida Ag‘dam shahridagi “Imorat” tarixiy-me’moriy majmuasiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston tomoni xabar berdi.

Qayd etilishicha, majmuaga Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari ham tashrif buyurgan.
Yetakchilar majmuada yaratilgan sharoitlar, bunyodkorlik ishlari bilan tanishgan. Mehmonlar e’tiboriga Qorabog‘ning boy madaniyati va an’analarini aks ettiruvchi Qorabog‘ tulporlari ishtirokidagi “Zafar” nomli madaniy dastur taqdim etilgan.
Ag‘dam shahri Ozarbayjonning g‘arbiy qismida, Qorabog‘ tumanida joylashgan. 2021 yildan boshlab shahar infratuzilmasi faol tiklanmoqda – yangi maktablar, bolalar bog‘chalari, uy-joylar, ma’muriy binolar qurilmoqda.
“Imorat” majmuasida Qorabog‘ xonligi asoschisi Panoh Alixonning saroyi va maqbarasi joylashgan. 2024 yilda majmua restavratsiya ishlari va arxeologik tadqiqotlardan so‘ng qayta ochildi.
Bu yerda Qorabog‘ tulporlari parki va interaktiv muzey tashkil etilgan.





