
Mirziyoyev Donald Tramp bilan telefonda gaplashib oldi
O‘zbekiston prezidenti Amerika yetakchisini o‘zi uchun qulay muddatda mamlakatga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Bugun, 23-dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp telefon orqali muloqot qildi.

O‘zbekiston rahbari suhbat avvalida AQSH Prezidentini yaqinlashib kelayotgan yangi yil bayramlari bilan tabriklab, do‘st Amerika xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilagan.
Donald Tramp, o‘z navbatida, O‘zbekiston yetakchisi va xalqiga o‘zining hamda AQSH xalqining samimiy salomi hamda tabriklarini yo‘llab, yangi yilda baxt-saodat, muvaffaqiyatlar va yangi zafarlar tilagan.
Prezidentlar oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini, shuningdek, O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollarini batafsil ko‘rib chiqqan.
Davlati rahbari Prezident Donald Trampning joriy yilda ichki va tashqi siyosatda erishgan muvaffaqiyatlariga yuksak baho berib, uning o‘tkir xalqaro inqirozlar va mojarolarni hal etish borasidagi samarali sa’y-harakatlarini alohida ta’kidlagan.
Ikki tomonlama siyosiy muloqot va almashinuvlar, ayniqsa, yetakchilar darajasida faollashib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab bergani va uni aniq mazmun bilan boyitgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Suhbat yakunida tomonlar oliy darajadagi faol muloqotlarni davom ettirish niyatini tasdiqladilar hamda amaliy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma tashabbus va dasturlarni ilgari surishga kelishib olgan.
O‘zbekiston Prezidenti Amerika yetakchisini o‘zi uchun qulay muddatda mamlakatga tashrif bilan kelishga taklif etgan. Donald Tramp O‘zbekiston rahbarini kelgusi yil katta yigirmatalik — G20 sammitiga taklif qilishini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, fuqaro aviatsiyasi, avtosanoat, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, energetika va kimyo, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa sohalarda o‘nlab milliard dollarlik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Amaldagi loyiha va dasturlarni samarali ilgari surish hamda yangilarini ishlab chiqish maqsadida Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashi tashkil etildi. Qo‘shma Investitsiya fondini ta’sis etish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda.
Hududlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi mexanizmi ishga tushirildi. O‘zbekistonning uchta viloyati delegatsiyalari Amerika shtatlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun ushbu mamlakatda bo‘ldi.





