
«Mirziyoyev ham zalda shug‘ullanadi»: Toqayev prezidentlar jismoniy holati haqida fikr bildirdi
Qozog‘iston rahbari davlat yetakchilarining kundalik jismoniy faolligi va salomatlikka yondashuvi haqida fikr bildirdi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev davlat rahbarlari o‘rtasida jismoniy faollik va sog‘lom turmush tarziga munosabat yuqori ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, yetakchilarning ko‘pchiligi muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanadi va o‘z salomatligiga jiddiy e’tibor qaratmoqda.
«Turkistan» gazetasiga bergan intervyusida Toqayev o‘z sog‘lig‘i haqida ham to‘xtalib o‘tdi: «Sog‘lig‘imdan shikoyat qilmayman: qon bosimi barqaror, me’yorda. Meditatsiyasiz kundalik yoga mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishga odatlandim. Haftada bir necha marta sobiq professional o‘yinchi bilan stol tennisi o‘ynayman. Darhaqiqat, 9 kilogramm vazn yo‘qotdim, bu o‘zimni ancha yaxshi his qilishimga yordam berdi»
Suhbat davomida jurnalist Toqayevdan boshqa davlat rahbarlari orasida ham jismoniy faolligi bilan ajralib turadiganlar bor-yo‘qligini so‘radi. Prezident bu savolga javob berar ekan, qator hamkasblarini misol keltirdi.
«Putin yaqinda Bishkekda bo‘lib o‘tgan norasmiy tadbirda yosh dzyudochiga qarshi usul qo‘llab, katta avlod sharafini himoya qildi. Aliyev (Ozarbayjon prezidenti) ham jismonan baquvvat, u doimiy ravishda mashq qiladi, Japarov (Qirg‘iziston rahbari) futbol o‘ynaydi. Mirziyoyev yaxshi sport formasida, u ham zalda shug‘ullanadi. Pashinyan (Armaniston bosh vaziri) — velosipedchi. Lukashenko (Belarus rahbari) hanuzgacha xokkey o‘ynaydi. Rahmon (Tojikiston prezidenti) ham sog‘lig‘idan shikoyat qilmaydi. Shunday ekan, barcha hamkasblar ajoyib formada», dedi To‘qayev.
Qozog‘iston prezidentining fikricha, bu holat davlat rahbarlari orasida sog‘lom turmush tarzi va shaxsiy intizom muhim ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi.





