
Mirziyoyev ikki prezidentning maslahatchisi bo‘lgan Ismoil Jo‘rabekov yaqinlariga hamdardlik bildirdi
29.09.2025 | 20:5833577
Suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov 28 sentyabr kuni 94 yoshida vafot etgan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev prezidentning davlat maslahatchisi, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri lavozimlarida faoliyat yuritgan atoqli davlat va jamoat arbobi Ismoil Jo‘rabekovning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Marhum shu yil 28 sentyabr kuni 94 yoshida vafot etdi.
«Vatanimiz istiqlolga erishganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida davlatimiz mustaqilligining ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, mamlakatimiz oldida turgan g‘oyat serqirra va keng ko‘lamli vazifalarni bajarish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatdi. Xususan, ijro hokimiyati institutlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, mahalliy hokimliklar ishini muvofiqlashtirish, qishloq xo‘jaligida islohotlarni amalga oshirish, fermerlik harakatini rivojlantirish, sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida tashkilotchilik va tashabbuskorlik fazilatlarini namoyish etdi. I.H.Jo‘rabekov Davlat suv nazorati boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi lavozimlarida ham samarali faoliyat olib bordi. Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimizni amalga oshirishda I.H.Jo‘rabekov, mo‘’tabar yoshda bo‘lishiga qaramasdan, suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi sifatida xizmat qilib, o‘zining boy bilim va tajribasi, qimmatli maslahatlari bilan sohani rivojlantirish, yosh kadrlarni tarbiyalash ishlarida faol ishtirok etdi», - deyiladi munosabatda.
Ismoil Jo‘rabekov 1931 yil 12 sentyabrda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. U uzoq yillar mobaynida qishloq xo‘jaligi va suv resurslari sohasida yuqori lavozimlarda faoliyat yuritdi.
1956 yildan boshlab turli mas’ul vazifalarni bajardi: Past Darg‘om tumani irrigatsiya tizimlari boshqarmasi muhandisi va rahbari, «Samarqandsuvqurilish» tresti boshlig‘i, keyinchalik esa respublika melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri lavozimida ishladi.
Shuningdek, Jo‘rabekov O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi o‘rinbosari, Davlat agrosanoat qo‘mitasi raisi, fuqaro muhofazasi ishlari bo‘yicha vazir, Prezidentning ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat maslahatchisi sifatida ham ishlagan. U, shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari — qishloq va suv xo‘jaligi vaziri sifatida mamlakat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi.
O‘sha yillari u O‘zbekistonda Karimovdan so‘ng ikkinchi shaxs sifatida qaralgan. Biroq Islom Karimov mulozimlariga xos ravishda televideniye orqali so‘zlamagan. 2004 yilgacha Karimovning davlat maslahatchisi sifatida ishlagan Ismoil Jo‘rabekov Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir etib tayinlangach iste’foga chiqarilib, nafaqaga jo‘natatilgandi.
2005 yil Bosh prokuratura Ismoil Jo‘rabekovga Jinoyat kodeksining 3 moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochgan.
Biroq Jo‘rabekovning aybiga to‘liq iqror bo‘lgani, uning yoshi va sog‘lig‘ini inobatga olib O‘zbekiston Prezidentining Konstitutsiya kuni munosabati bilan chiqargan amnistiya farmoni asosida jinoiy ish to‘xtatilgan.
Karimov vafotidan so‘ng hokimiyat tepasiga kelgan Shavkat Mirziyoyev boshqa korrupsion imidjga ega sobiq amaldorlar qatori Ismoil Jo‘rabekov nomini ham oqlagan.
Shu yilning avgust oyida mehnat faxriysi Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan. Ismoil Jo‘rabekov amaldor vaqti u markaziy kanallar orqali ko‘rsatilmagan.
Ismoil Jo‘rabekov O‘zbekiston Respublikasining “Buyuk xizmatlari uchun”, “Do‘stlik” ordenlari, Tojikistonning “Do‘stiy” ordeni, sobiq ittifoqning “Oktyabr revolsiyasi”, “Xalqlar do‘stligi”, “Mehnat qizil bayroq” (2 marta) va “Hurmat belgisi” (2 marta) ordenlari bilan taqdirlangan.





